TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti "2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini "Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida"gi Farmonga imzo chekdi.
Fuqarolardan kelib tushgan takliflarning aksariyatida ko‘rsatilgan dolzarb muammolarni hal qilishga oid alohida huquqiy normalar bevosita Farmonning o‘zida ko‘rsatilgan bo‘lib, ularning ijrosini darhol ta’minlash shart ekani belgilandi.
Farmon bilan tadbirkorlik subektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish bo‘yicha ikki yil muddatga moratoriy e’lon qilindi. Endilikda, Farmon e’lon qilingan kundan boshlab tadbirkorlik subyektlari nazorat qiluvchi organlarning tekshiruvlariga vaqt va resurs sarflamasdan o‘z faoliyatini xotirjam amalga oshirishlari mumkin.
Yana bir muhim yangilik — vaqtincha yoki doimiy propiskasi bo‘lmagan yoxud turar joyi bo‘yicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga olishga oid taqiq bekor qilinadi. Ushbu norma fuqarolarga O‘zbekistonning istalgan hududida, ayniqsa, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishga joylashishda hech qanday cheklovlarsiz o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini beradi. Istiqbolli kadrlar qayerda doimiy yoki vaqtincha propiska qilingani, turar joyi bo‘yicha hisobda turganidan qat’i nazar, poytaxt mintaqasida mehnat qila oladilar.
O‘z navbatida, ish beruvchilar vaqtincha yoki doimiy propiskasi bo‘lmagan yoxud turar joyi bo‘yicha hisobdan o‘tmagan fuqarolarni ishga olganliklari uchun javobgarlikdan ozod etiladi.
Davlat dasturining birinchi bo‘limi davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan.
Shubhasiz, "Davlat xizmati to‘g‘risida"gi qonunning qabul qilinishi bu boradagi muhim qadam bo‘ladi. Ushbu hujjat, avvalo, davlat idoralarida xizmatni haqiqatdan nufuzli faoliyatga aylantiradi, davlat xizmatchilarining mehnat haqi va ijtimoiy himoyasi uchun munosib tizim shakllantiradi, yuklatilgan vazifalarning sifatli ijrosi uchun davlat xizmatchilarining javobgarligini oshiradi.
Endilikda har bir davlat xizmatchisi egallab turgan lavozimga munosib ekanini har kuni isbotlashi shart.
Davlat funksiyalari va vakolatlarining amaldagi markazlashgan tizimiga barham beriladi
Birinchidan, hukumatning alohida funksiyalari, ayniqsa, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi vazifalari vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘tkaziladi. Ikkinchidan, tegishli hududda davlat siyosatini amalga oshirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslar sifatida barcha darajadagi hokimlarning vakolatlari kengaytiriladi va mavqeyi mustahkamlanadi.
Fuqarolarning davlatni boshqarishda ishtirok etishga bo‘lgan huquqini ro‘yobga chiqarishning yangi mexanizmi sifatida elektron jamoaviy murojaat qilish — petitsiya yo‘llash tizimi joriy qilinadi. Ushbu tizim fuqarolarga davlat hokimiyatining vakillik organlariga aniq savollar qo‘yish imkonini beradi, ushbu organlar esa fuqarolarning ma’lum soni tomonidan ma’qullangan murojaatlar yuzasidan chora ko‘rishi shart bo‘ladi.
Mazkur mexanizm tufayli faol fuqarolar va jamoat tashkilotlari turli muammolar yechimi bo‘yicha tashabbus ko‘rsatishlari mumkin. Shu orqali "Mamlakat hayotiga aloqador eng muhim qarorlar bevosita muloqot asosida qabul qilinadi", degan tamoyil amalda ro‘yobga chiqariladi.
Qonun ustuvorligi ta’minlanadi
2018-2021-yillarda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha konsepsiyani ishlab chiqish, shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Jinoiy va ma’muriy javobgarlikni liberallashtirish, protsessual normalarni takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Inson huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida tergov izolyatorlari va jazoni ijro etish muassasalari videokuzatuv vositalari bilan jihozlanadi.
Ichki ishlar organlari yo‘l-patrul va patrul-post xizmatlarini ular fuqarolar bilan muomala qilayotganda foydalaniladigan video-fiksatorlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu nafaqat fuqarolar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishi, balki tinchligimiz posbonlari tomonidan o‘z vazifasini suiiste’mol qilishi holatlarining ham oldini olishga xizmat qiladi.
Davlat dasturida propiska va pasport tizimini soddalashtirishga doir chora-tadbirlar ham ko‘zda tutilgan. Xususan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskasi bo‘lmagan fuqarolar ikkilamchi bozorda ko‘chmas mulk xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Iqtisodiyot va tadbirkorlik
Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish sohasida ilg‘or g‘oyalar, "smart" texnologiyalar va nou-xaularga asoslangan innovatsion taraqqiyotning yangi modeliga bosqichma-bosqich o‘tish ko‘zda tutilmoqda.
2023-yilning 1-yanvariga qadar venchur fondlar, yuqori texnologik startap-loyihalar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, innovatsiya markazlari va loyiha-konstruktorlik burolariga o‘zlarining yangi texnologiyalarini tadbirkorlarga sotish (foydalanish uchun taqdim etish)dan tushgan daromadlari bo‘yicha soliq imtiyozlari taqdim etiladi.
Yer uchastkalari berishda shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash maqsadida internet tarmog‘ida elektron savdolar o‘tkazishni joriy qilish rejalashtirilgan. Davlat aktivlarini elektron savdo maydonlari orqali sotish tizimini yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Banklar va bank faoliyatiga doir qonunchilik tubdan qayta ko‘rib chiqilib, sohada "raqamli banking", "internet-banking" va boshqa zamonaviy texnologiyalar tatbiq etiladi.
Soliq va bojxona siyosatini takomillashtirish va optimallashtirish, soliq yukini kamaytirish, soliq va bojxona ma’murchiligini soddalashtirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
Ijtimoiy soha
Aholining munosib hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan daromadlarni aniqlash bo‘yicha "iste’mol savatchasi"ga oid munosabatlarni huquqiy tartibga solish nazarda tutilgan. Hududlar kesimida "iste’mol savatchasi"ni hisobga olgan holda ish haqi, pensiya va boshqa ijtimoiy to‘lovlar miqdorini belgilash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish mo‘ljallanmoqda.
Aholini arzon narxlardagi sifatli dori vositalari bilan ta’minlaydigan 2 mingta ijtimoiy dorixona tashkil etish rejalashtirilgan.
Aholi, ayniqsa, yosh oilalarning arzon uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida 2018-yilda bunday uylarni qurish hajmi 1,5-2 barobar oshiriladi. Bu maqsadlar uchun 5 trillion 286 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Aholini telekommunikatsiya xizmatlari bilan to‘liq qamrab olish uchun chekka hududlarda 2000 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tortish, internet tezligini 2,5 barobar oshirish va 4 mingdan ziyod mobil aloqa tayanch stansiyalarini ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda.
Xavfsizlik masalalari va tashqi siyosat
Xorijda yashayotgan va ishlayotgan yurtdoshlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha davlat siyosati konsepsiyasi ishlab chiqiladi va qabul qilinadi.
Diniy ma’rifat tizimi qayta ko‘rib chiqilib, bu borada aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida olib borilayotgan ishlar samaradorligi va ta’sirchanligi kuchaytiriladi.
Muxtasar aytganda, Davlat dasturida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga 13,5 trillion so‘m va 1,3 milliard AQSh dollari yo‘naltiriladi.