Igor Nikolaychuk
Shavkat Mirziyoyev qonuniy asosda prezidentlikka saylanib 365 kundan buyon Oʻzbekistonga rahbarlik qilib kelmoqda. Bu birpasda bir yil oʻtdi degani. Yoki atigi bir yil boʻldi degani. Lekin har qanday holatda ham koʻpsonli jurnalistlarda yakunlar haqida xulosa qilish uchun sabab bor.
U qildi-bu qildi, unga imzo chekdi, uni ishdan oldin, buni tayinladi degan soʻzlardan qochamiz. Gapni yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi yetakchisining faoliyati rus tilidagi axborot maydonida qanchalik faol yoritilgani haqidagi maʼlumotdan boshlaymiz.
Buni aniqlash juda oson. Google va Yandeks (ishonchli boʻlishi uchun ikkita tizimdan foydalanamiz) qidiruv tizimlarida MDH rahbarlari ism-shariflarini izlashlar takrori haqidagi soʻrovni kiritamiz, soʻngra eng koʻp tilga olinganlar roʻyxatini tuzamiz.
Natija quyidagicha: Shavkat Miromonovich ushbu roʻyxatda ishonchli tarzda uchinchi oʻrinda mustahkam joylashgan.
Lekin oʻquvchilarimiz balki aniqroq misollarni kutishayotgandir. Ikki tomonlama munosabatlardan boshlaymiz. Ayrim obroʻli siyosatchilar mamlakat siyosatida "shimolga burilish" yuz berganini taʼkidlashmoqda. Rossiya bilan munosabatlar yil davomida yaxshilangani, aniqrogʻi, MDHda "oʻrtacha harorat" darajasiga yetganligini hech kim inkor qilmaydi. Ammo "burilish"ning oʻzini kattalashtiruvchi oyna orqaligina koʻrish mumkin. Ha, deyarli yigirma yillik tanaffusdan soʻng Rossiya bilan harbiy-texnik hamkorlik faollashdi. Lekin texnikani burilishlarsiz ham baribir yangilash kerakku! Rossiya poʻlatidan aktsizlar olib tashlandi, endi u Xitoynikidan koʻra arzonroq boʻldi. Bu esa biznes.
Albatta, bu xitoyliklarni "sindirish" uchun qilinmadi. Rossiya viloyatlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni tashkil etish choralari amalga oshirildi. Endilikda, masalan, dehqonlar uchun ayrim mavjud byurokratik toʻsiqlar olib tashlandi. Oʻzbek mirishkori endi bemalol, har qanday transport orqali oʻz mahsulotini Rossiya bozoriga olib borishi mumkin. Hamma harakatga kelib qoldi. Mahalliy tadbirkorlar Rossiyada meva-sabzavot sotish uchun qishloq xoʻjalik yerlarini olishmoqda. Lekin Rossiya ulkan bozor. Biz shimolliklarmiz. Mevalarni, ayniqsa, oʻzbek mevalarini judayam sevamiz. Toʻgʻri, ularni har doim ham oʻzbeklar sotmaydi. Lekin buyam biznes. Migrantlarning kayfiyati yaxshilanayotganligi esa bugungi oʻzgarishlar yaxshi tomonga boʻlayotganini ifodalaydigan koʻrsatkichlardan biridir. Ish beruvchilar ularni qadrlay boshlashdi. Bu yerda oliy siyosiy iroda, Kremldan buyruq boʻlganligi ehtimoldan yiroq. Bu tabiiy jarayon. Darvoqe, Rossiyadagi ayrim kuchlar "barcha terrorchilar oʻzbekistonlik" degan mavzuni qanchalik aylantirishga urinishmasin, ularning bu harakatlari puchga chiqdi. Biz oʻzbeklardan xavotirga tushmaymiz.
"Shimolga burilish"ning mavjud emasligi qandaydir hal qilib boʻlmaydigan muammolar borligini bildirmaydi. Ikki tomonlama munosabatlarimiz hozirda biz oʻzimiz istagan darajada va bu har ikki tomonni qoniqtiradi. Bu yerda Mirziyoyev rahbarligida erishilgan eng muhim narsa bu mazkur munosabatlarning ovozini sozlash siyosiy ogʻriqlarsiz boʻlishi: istasak ovozini koʻtaramiz, istasak ovozini pasaytiramiz. Bularning bari kimlarningdir qaynoq xohishlari bilan emas, balki pragmatik tarzda belgilanadi.
Oldinga siljish nimalarda koʻzga tashlanadi? Albatta, ichki ishlarda.
Oʻzbekistonliklarning hayoti oʻzgarayotgani haqida yuzlab boʻlmasa ham oʻnlab dalil-isbotlar keltirish mumkin. Mirziyoyev hukumat tepasiga islohotlar oʻtkazish shiori bilan keldi va yeng shimarib bu ishga kirishdi. Amaldorlar, ziyolilar, tadbirkoru oddiy aholi bunday islohotlarni kutganmidi, ochigʻi bilmayman. Hech qanday shaʼmalarsiz aytaman, bilmayman. Karimov oʻrnatgan barqarorlik tufayli hamma narsa tinchday edi. Iqtisodiy oʻsish davom etayotgandi, Gʻarb mamlakatni qoʻzgʻata olmadi, vodiy voqealarini esa xalq qoʻllab-quvvatlamadi.
Ongli islohotlar ertami-kechmi har doim kerak. Gap boshqa yoqda. Kim ogʻzidan koʻpik sachratib siyosiy islohotlarni talab qildi? Ha, albatta, fikri-zikri demokratik qadriyatlar, inson huquqlari va soʻz erkinligida boʻlgan liberal globalistlar. Mana kimlar Mirziyoyevdan "tamoyillar"dan kelib chiqib jazavaga tushgancha islohotchilik tashabbusini talab qildi.
Prezident mamlakatda demokratiya rivoji uchun darhaqiqat koʻp ishlarni qildi. Masalan, uning ichki ishlar organlari va qamoqxonalarda qiynoqni taqiqlash haqidagi shaxsiy bayonotining oʻzi koʻp narsaga arziydi. Buning qiyosi yoʻq. Agar bunday savolni qoʻysak-chi: demak, oldin qiynoqlar qonunan boʻlganmi, konstitutsion tartibda amalga oshirilganmi? Bu qiynoqlarni Karimov qonuniylashtirganmi? Maʼlumki, qoʻl yugurtirish, doʻpposlash barcha, hattoki manaman degan demokratik davlatlarda ham uchraydi. Gollivud filmlarini koʻring. Lekin bu tergov yoki jazoni ijro etish tizimining aybi emas, balki zoʻravonlikka moyil ayrim shaxslar yoki mushtumzoʻr mayda amaldorlar harakatlari bilan bogʻliq holat. Bundaylarni prezidentlik darajasida turib insofga chaqirishdan ham naf yoʻq. Qoʻl ostidagilarni boʻsh qoʻyib yuborgan, kadr tanlashni toʻgʻri yoʻlga qoʻyolmagan ichki ishlar vazirini almashtirish tushunarli. Nazoratni kuchaytirish, ichki tergov tizimini rivojlantirish, huquq himoyachilari faoliyat koʻlamini kengaytirish yaxshi. Ammo ruhan nosogʻlom odamlarni insofga keltirishga urinish menimcha befoyda.
Lekin gap bunda ham emas. Miyasida demokratiyadan boshqa hech narsa yoʻqlarga qancha yon bersang ham kam. "Frantsiyada ishlaydigan huquq himoyachisi" Nadejda Atayeva Germaniyaning DW tashqi targʻibot xizmatining rus tahririyatiga bergan intervyusida prezidentning 30 noyabrdagi qiynoq va noqonuniy yoʻllar bilan olingan koʻrsatmalardan dalil sifatida foydalanishni taqiqlash haqidagi farmonini "juda qiziq tashabbus" deb atadi. Ammo u liberallar uchun anʼanaviy boʻlgan xulosani bayon etdi: "Farmon qanday bajarilishi hozircha nomaʼlum. Va oʻzbek jamiyatini modernizatsiya qilishi lozim boʻlgan islohotlarning ojiz joyi ham mana shunda".
Hattoki bu yil 10 nafar siyosiy mahbusning ozod qilinishini ham "umuminsonchilar" Oʻzbekiston rahbarining islohotlarni olib borishdagi qatʼiy irodasi emas, balki gʻarbliklar bilan savdolashish uchun majburiy qadam deb baholashdi: "bu hukumatning tanqidchilarga nisbatan printsipial yondashuvi emas, balki 2005 yilgi voqealardan soʻng YEI tashabbusi bilan boshlangan, Toshkentni Oʻzbekistondan YEI sanktsiyalarini olib tashlash sharti boʻlgan inson huquqlari borasidagi muloqotga majbur qilgan savdoning davomidir".
Ammo baribir, umuman olganda, Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik faoliyati muvaffaqiyatli kechmoqda. Yer Quyosh atrofida endigina bir marta aylanib chiqdi, mamlakatda esa juda koʻp ishlar amalga oshirildi. Mamlakat rahbariga tezroq oʻz maqsadiga erishishini – millatning asl yetakchisiga aylanishini tilab qolaman.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.