TOShKENT, 6 fev – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorni imzoladi, deb xabar qilmoqda O‘zA.
Yangi qarorning asosiy maqsadi – O‘zbekiston turizm salohiyatini rivojlantirish, ushbu sohaga investitsiyalarni jalb qilish, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni joriy etish, hamda mamlakatning boy tabiiy, madaniy va tarixiy merosidan har tomonlama foydalanishdir.
Viza olish osonlashdi
2018 yil 10-fevraldan boshlab Isroil davlati, Indoneziya Respublikasi, Koreya Respublikasi, Malayziya, Singapur Respublikasi, Turkiya Respublikasi va Yaponiya fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz tartib beligalandi.
Undan tashqari O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlar amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar havo kemalari ekipaji a’zolari uchun ham 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi.
Uchinchidan 39 davlat fuqarolari uchun turizm vizasi berish tartibi soddalashtirildi va tezlashtirildi. Xususan, 10-fevraldan boshlab turistiv vaucher va taklifnoma asosida viza berish tartibi bekor qilindi, viza berish muddati esa — 2 ish kuni etib belgilandi.
Avstraliya, Albaniya, Andorra, Bolgariya, Bosniya av Gersegovina, Vatikan, Vengriya, Gretsiya, Daniya, Hindiston, Irlandiya, Islandiya, Quvayt, Kanada, Litva, Xitoy, Lixtenshteyn, Lyuksemburg, Makedoniya, Malta, Monako, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, BAA, Ummon, Portugaliya, Ruminiya, San-Marino, Saudiya Arabistoni, Serbiya, Slovakiya, Sloveniya, AQSh, Finlyandiya, Xorvatiya, Chernogoriya, Shvetsiya, Estoniya.
Eslatib o‘tamiz, ushbu qaror qabul qilinmasdan oldin ham quyidagi mamlakatlar uchun viza olish soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilar edi: Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Malayziya, Polsha, Tailand, Turkiya, Fransiya, Chexiya, Shveysariya, Yaponiya.
Iyuldan elektron vizalar berish boshlanadi. Davlat personallashtirish markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi va boshqa idoralarga 2018 yil 1-iyuldan boshlab elektron kirish vizalarini berish tizimi ishga tushirish topshirildi.
Milliy PR-markazi tashkil qilindi
Respublika turizm salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida 2018-yilning 1-apreliga qadar «Milliy PR-markazi» tashkil qilinadi va barcha kerakli jihozlar bilan ta’minlandi. Xususan, zamonaviy va yuqori texnologik suratga olish uskunalari, avtotransport vositalari, shu jumladan yuqori o‘tish qobiliyatiga ega bo‘lgan avtotransport vositalari va boshqa zaruriy moddiy-texnik uskunalar. PR-markazi ijodiy va suratga olish guruhlari, jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb qilish yo‘li bilan shakllantiriladi.
Ichki turizm rivojlantiriladi
Chet eldan mehmonlar kam keladigan, turizm sust mavsumda, mahalliy aholi uchun respublika hududlari bo‘ylab turizm-ekskursiya sayohatlarini faol tashkil qilish yo‘lga qo‘yiladi. Ichki turizmga maktab o‘quvchilaridan boshlab nafaqaxo‘rlargacha barcha yoshdagi aholi qamrab olinadi.
«O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» ichki turizmni rivojlantirish dasturini aholi orasida targ‘ib qilish davlat muassasalari va jamoat tashkilotlari zimmasiga yuklanadi. Ular o‘z faoliyati doirasida bo‘lgan aholi guruhlari orasida ichki sayyohlikni targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Xususan:
- ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun – ta’til davri va dam olish kunlarida;
- tashkilotlar xodimlari uchun – dam olish kunlarida, umummilliy bayramlar va ta’til kunlarida, ayniqsa, turizm mavsumi sust davrda;
- aholining ijtimoiy zaif qatlamlari, pensionerlar, urush va mehnat faxriylari uchun – sanatoriy-kurortlarda dam olishdan faol foydalangan holda yil davomida;
- keksalar, yosh oilalar, fuqarolar yig‘inlari faollari, xotin-qizlar va boshqa jamoat birlashmalari vakillari uchun.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bir oy muddatda «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tuzishi kerak.
Turizm sohasidagi tashkilotlarga soliq imtiyozlari beriladi
Tematik xiyobonlar xizmatlarini tashkil qilgan yuridik shaxslar 3-yil muddatga – foyda solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk solig‘i, shuningdek, yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod qilinadi.
Mehmonxonalar va tematik xiyobonlarni qurish, qayta ta’mirlash va jihozlash uchun O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, texnika, xom ashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlarni olib kirish uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan 2022-yilning 1-yanvariga qadar ozod qilinadi.
Turizm sohasidagi tadbirkorlik faoliyati subyektlari 2022-yil 1-yanvarga qadar – O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan 8 va undan ortiq o‘rindiqli mirokavtobuslar, dor (osma) yo‘llarni, tog‘-chang‘i ko‘targichlar, funikulorlar uchun jihozlar, mexanizmlar va ehtiyot qismlar, aerostatlar (havo sharlari), motor qayiq va kvadrotsikllar bojxona to‘lovidan ozod etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi turizm operatorlariga istisno tariqasida ekstremal turlarni tashkil qilish uchun yuqori o‘tish qobiliyatiga ega bo‘lgan yo‘ltanlamas transport vositalariga amaldagi stavkaning 25 % evaziga yo‘ltanlamas avtomobillar olib kelish huquqi berildi. Ushbu oavtomobillarga maxsus davlat belgisi beriladi va ulardan faqat Qoraqalpog‘iston hududida foydalaniladi.
Xo‘jalik subyektlarining onlayn bron xizmatlari, elektron to‘lovlar, ekvayring va boshqa elektron xizmatlar tashkil qilish bilan bog‘liq xarajatlari soliqqa tortish bazasidan chiqarib tashlanadi.
Sifatli bepul Wi-Fi aloqasi tashkil tashkil qilgan va uni kengaytirgan korxonalar soliq bazasi ushbu xizmat uchun sotib olingan asbob-uskuna qiymati va internet traffik miqdorida kamaytiriladi va ularga jamoat joylarida o‘z reklamalarini bepul joylashtirish huquqi beriladi.
Kredit liniyasi ochildi
Mehmonxonalar va ularga tutash yo‘l, muhandislik kommunikatsiyalar qurilishiga 200 mln AQSh dollari miqdorida kredit liniyasi ochiladi. Maksimal summa — 10 million dollar. Kredit miqdori loyiha qiymatining 50%dan oshmasligi kerak. Kreditlar 15-yilga beriladi, undan 5-yili imtiyozli muddat.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston turizm sohasini mamlakatning yetakchi sohalaridan biriga aylantirishni niyat qilgan. Ushbu maqsadda o‘tgan yilning avgust oyida prezidentning PQ-3217 sonli qarori imzolangan edi. Bugungi kunda respublika YaIMida turizm sohasining ulushi o‘rtacha 3% ni tashkil qilmoqda.