TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. Moliya vazirligi tomonidan 12-yanvar kuni Pensiyalarni qayta hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Ushbu nizom prezidentning 2017-yil 20-noyabrdagi PF-5245-son "Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida"gi Farmonining 4-bandiga muvofiq ishlab chiqildi.
Nizom Bandlik va mexnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan.
Qabul qilingan Nizomga ilovada 1.01.1973 yildan boshlab hozirgi vaqtga qadar davrda amal qilgan eng kam ish haqi miqdorlari aks ettirilgan. Bu ma’lumotlar 2017-yil 1-dekabrdan keyin ish haqining yakka tartibdagi koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda yangi tayinlanadigan pensiyalarni hisoblab chiqarish uchun olinadigan ish haqini tenglashtirish uchun qo‘llaniladi.
Ish haqining yakka tartibdagi koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda pensiyalarni hisoblab chiqarish uchun olinadigan ish haqini qayta hisoblash tartibi alohida Nizom (08.09.2011 yildagi 252-son VMQga 2-ilova) bilan belgilanadi.
2017 yil 1-dekabrgacha tayinlangan pensiyalar 1,15 baravar miqdorga oshirish yo‘li bilan qayta hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yil 1-dekabrdan boshlab yangi eng kam: ish haqi — oyiga 172 240 so‘m; yoshga doir pensiyalar — oyiga 336 880 so‘m; bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 336 880 so‘m; zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 206 720 so‘m miqdorida belgilangan edi.