TOShKENT, 11 yanv — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Toshkent shahrining 8ta tumanida vaqtinchalik (bir martalik) ish bilan ta’minlash burolari tashkil etilgan. Burolarga murojaat qilgan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida, migratsiya boshqarmasi xodimlari tomonidan turgan joyida hisobga olish ishlarini buroning o‘zida amalga oshirish imkoniyati yaratilmoqda, deb xabar qildi payshanba kuni Toshkent shahar IIBBda bo‘lib o‘tgan brifingda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Sayfullayev.
"Mardikor bozor"lar joylashuvi
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu burolarga 2017-yilning 12 oyi davomida 55 603 nafar fuqarolar murojaat qilgan. Xususan, dekabr oyining o‘zida 1451 nafar fuqaro murojaat etgan.
Buro vazifasi
Buroning asosiy vazifasi O‘zbekiston Respublikasi viloyatlaridan Toshkent shahriga kelgan vaqtinchalik, bir martalik ishlarni bajaruvchi fuqarolarning mehnat faoliyatini tartibga solish, ular uchun zarur maishiy, ijtimoiy shart-sharoitlarni yaratish va ularni bir martalik ishlar bilan ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat.
Buro shuningdek, aholi xavfsizligini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi boshqa hududlaridan kelgan fuqarolarni hisobga olish, ularning mehnat faoliyatini nazorat qilish kabi vazifalarni bajaradi.
Sayfullayevning aytishicha, har bitta buroda ikki nafardan xodim — davlat xizmatchilari faoliyat olib boradi. Biri mehnat birjasi bo‘limlaridan bo‘lsa, ikkinchisi Ichki ishlar idoralari xodimidir. O‘tgan 2017-yilning dekabr oyidan boshlab, Boshqarma boshlig‘ining ko‘rsatmasiga asosan, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlaridan bir nafar xodimlar ushbu burolarga jalb qilingan.
Kimlarga xizmat ko‘rsatadi?
Buro 16 yoshga to‘lgan va bir martalik ish izlovchi fuqarolarga, shuningdek, shuningdek ish beruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga Toshkent shahrida vaqtinchalik bir martalik mehnat faoliyati to‘g‘risidagi targ‘ibot tashviqot, hamda tushuntirish ishlarini amalga oshiradi.
Vaqtinchalik, bir martalik ishlarni bajarish uchun Toshkent shahriga kelgan fuqarolarning hisobini yuritadi, hisobga olingan bunday toifadagi shaxslarning o‘z vaqtida va qisqa muddatda buroda yo‘naltirish va bularni yuzasidan doimiy nazoratni o‘rnatadi.
Ishga yollangan shaxslarning ish manzillari bo‘yicha doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatda turishi, ularda guvohnomalarning mavjudligini tekshirib boradi. Vaqtinchalik, bir martalik ishlarni bajaruvchi fuqarolar tomonidan qonun buzilishlari va huquqbuzarlik sodir etilishini oldini oladi.
Buro guvohnomasini olish tartibi
Ushbu buroga murojaat qilgan shaxs birinchi navbatda o‘zining fuqarolik pasporti va uning nusxasi, vaqtinchalik ro‘yxatda turganligi to‘g‘risidagi qayd varaqasi va 3x4 hajmdagi fotosuratini taqdim etadi. Fuqaro bergan hujjatlar ko‘rib chiqilib, bir kunning o‘zida guvohnoma taqdim etiladi.
Mazkur guvohnoma o‘sha shaxsni Toshkent shahrida vaqtinchalik(bir martalik) ish bilan ta’minlash markazidan hisobdan o‘tganligini va Toshkent shahrida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun huquq beradi.
Fuqarolar noqonuniy "mardikor bozor"larni tanlamoqda
Oxirgi vaqtlarda mana shu burolarga murojaat qilayotgan fuqarolarga nisbatan Ichki ishlar organlari tomonidan qonunga zid hatti-harakatlar, ta’magirlik holatlari kuzatilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda, dedi Sayfullayev va bunday gap-so‘zlar amalda o‘z isbotini topmayotganini qo‘shimcha qildi.
Podpolkovnikning aytishicha, Toshkent shahrida Respublikaning turli viloyatlaridan kelib mavsumiy ish bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar aksariyat holatlarda poytaxt hududida faoliyat ko‘rsatadigan burolarda emas, aksincha, o‘zlari istagan joylarda, asosan yo‘l-qatnov qismlarida, oqibatida yo‘l-harakat qoidalari va jamoat tartibi qoidalarini buzish holatlariga sabab bo‘layotgan joylarda o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda.
"Sakkizta birjaning aniq manzili belgilab berilgan bo‘lishiga qaramasdan, mavsumiy ish izlovchi fuqarolar Mirzo-Ulug‘bek tumanida Ahmad Yugnakiy kiyim bozori yonida, Yashnobod tumani Parkent bozori yonida, Eski Jo‘vada, "Chorsu" dehqon bozori yonida ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, "Risoviy" ko‘prik tagida va Qo‘yliq bozori atrofida mardikor bozorlarni hosil qilishgan", — dedi Sayfullayev hamda Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash maqsadida Ichki ishlar organlari naradlari tomonidan bunday fuqarolarga nisbatan tegishli qonuniy choralar ko‘rilayotganini qo‘shimcha qildi.
Havotirga o‘rin yo‘q
Ushbu burolarga murojaat etgan fuqarolarning qonun va erkinliklarini ta’minlash, burolarda xizmat olib borayotgan xodimlarning xatti-harakatini onlayn rejimida nazorat qilib borish maqsadida bevosita Bosh boshqarma rahbariyati topshirig‘iga asosan, har bitta burolarga bir oy ichida hokimiyat bilan birgalikda videokuzatuv moslamalari o‘rnatiladi.
Har bitta Ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismlari o‘sha burolarning faoliyatini nazorat qilishni ta’minlab beradi.