TOShKENT, 31 dek — Sputnik. Valyuta olib kirish va olib chiqishda yangi tartib joriy etiladi, deb xabar qildi Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi matbuot xizmatga tayangan holda "Zarafshon" nashri.
Unga ko‘ra, 2018-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan va O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqiladigan ekvivalenti 2 ming dollardan oshgan miqdordagi naqd xorijiy valyuta yozma deklaratsiyalash va bojxona organi xodimiga taqdim etish yo‘li bilan bojxona nazoratidan o‘tkaziladi.
Bunda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida olib kirilayotgan va olib chiqilayotgan naqd xorijiy valyutaning jami summasi ko‘rsatiladi. Ekvivalenti 2 ming dollarga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd xorijiy valyuta jismoniy shaxsning xohishiga ko‘ra yozma deklaratsiyalanishi mumkin.
O‘zbekistonga naqd xorijiy valyuta olib kirish bojxona nazorati qoidalariga rioya qilgan holda cheklanmagan miqdorda ruxsat etiladi. O‘zbekistondan naqd xorijiy valyutani erkin olib chiqish bojxona nazorati qoidalariga rioya qilgan holda ekvivalenti 5 ming dollarga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda ruxsat etiladi.
Shuningdek, norezidentlar respublikada belgilangan tartibda tashkil qilingan musobaqalar, tanlov va olimpiadalarning sovrindorlari yoki qatnashchilari tomonidan erkin olib chiqish uchun belgilangan miqdordan ortiqcha naqd xorijiy valyuta olib chiqilayotganda naqd xorijiy valyuta olinganligining qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat asos hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsatnomasini va O‘zbekiston Respublikasiga kirishda norezidentlar tomonidan to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini, ya’ni ekvivalenti 5 ming dollardan oshgan miqdordagi naqd xorijiy valyutani olib chiqish uchun asos bo‘lgan hujjatni boshqa shaxsga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jismoniy shaxc O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasini kesib o‘tayotganda ega bo‘lgan naqd xorijiy valyutaning ishonchli va to‘g‘ri deklaratsiyalanishi uchun javobgardir.