TOShKENT, 16 dek – Sputnik. Endilikda O‘zmilliybankning istalgan bo‘lim va filialidan so‘m mablag‘larini tezkor pul o‘tkazmasi orqali xorijiy valyutada yuborish yoki qabul qilish mumkin bo‘ldi. Bu haqda Milliy bank matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, buning uchun valyuta ayirboshlash amaliyoti shart emas.
O‘zmilliybankning bo‘lim va filiallaridan biriga borib milliy hamda xorijiy valyutada hisobraqam ochiladi hamda so‘m mablag‘i hisobraqamiga kirim qilinadi.
Kirim qilingan mablag‘ avtomatik ravishda xorijiy valyutaga ayirboshlanadi hamda xorijiy valyutadagi hisobraqamiga o‘tkaziladi va hisobda paydo bo‘lgan xorijiy valyutani chet elga jo‘natish mumkin bo‘ladi.
Avvalroq, "O‘zbekiston pochtasi" AJ MDH davlatlariga xalqaro pul o‘tkazmalarini naqd pulda hamda bank plastik kartalaridan amalga oshirish mumkinligi haqida xabar bergandi.