TOShKENT, 24 dek — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Moliya vazirligida faoliyat yuritgan, o‘zbek millatini sevmaganligi tufayli ishdan haydalgan "noinsof Ostrogorskiy" haqida o‘z murojaatnomasida tilga olgach, 22-dekabr kuni "Ostrogorskiy" familiyasi internetda eng ko‘p izlangan familiya bo‘ldi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
"Ostrogorskiyning hidi kelyapti"
Mirziyoyev hozirgi Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning faoliyatidan noroziligini bildirar ekan, u taqdim etgan hisobotlarda Ostrogorskiyning hidi borligini ta’kidladi.
"Sariosiyoning sovug‘ida Ostrogorskiyga o‘xshaganlar yashaganmi?!"
Shuningdek, Mirziyoyev budjet tizimini isloh qilish sohasida mahalliy organlar vakolatlari yanada kengaytirilishini aytib o‘tdi.
"Mana bitta misol: o‘tgan 2016-yil yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda mahalliy budjetga bir so‘m ham pul qolmagan. Bir so‘mniyam bermagan Ostrogorskiy-Mastrogorskiy-Sastragorskiy-Gastrogorskiy degan bir komanda bor. Faqat mendan qo‘rqardi ular, hozir hammasini haydavordim. Yana 2-3tasi qolgan endi. Mana bu yil: budjetni hamma tushumlarini bajardi Qoraqalpog‘iston, 90 milliard pul o‘ziga qolyapti — bitta hududda! Nimaga? Oldin ishlagan ham bir edi ishlamagan ham bir edi. Nega desangiz, tuman hokimi o‘zini moliyachisi, iqtisodchisi bo‘lgani bilan, u pul tushgan bilan unga tushmaydi-ku, Ostrogorskiyga tushadi. Suv yo‘q, gaz yo‘q, bolnitsa yo‘q, detsad yo‘q, issig‘liq yo‘q. Ostrogorskiy biladimi Qorpqalpog‘istondagi sharoitni. Ostrogorskiyga o‘xshaganlar yashaganmi Qoraqalpog‘istonda?
Yozuvchi Ostrogorskiy
Mirziyoyev Oliy Majlis senatining 13-yalpi majlisida senatorlar faolligidan mamnunligini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostrogorskiy deganda Moliya vazirligining Davlat budjeti bosh boshqarmasining sobiq boshlig‘i, "Shuhrat ordeni" mukofoti sovrindori Ella Ostrogojskayani nazarda tutgan.
Internet makonida Ostrogojskaya faoliyati tahliliga bag‘ishlab maqola yozgan O. Abdusalimov amaldor tomonidan aql bovar qilmas darajada "o‘zlashtirib yuborilgan" mablag‘lar, va uning chet elda o‘qib, o‘sha yerda yashab qolgan farzandi haqida bayon etar ekan, shunday deydi: bunday vaqtda adolatli savol tug‘iladi, o‘z kelajagini O‘zbekiston bilan bog‘lamasligi kundek ravshan bo‘lib turgan bu singari odamlar qay tarzda O‘zbekistonning iqtisodiyot, mudofaa majmuasi va kuch tuzilmalaridagi eng muhim jabhalarning moliyaviy ta’minotini nazorat qilmoqda? Moliyaning "oddiy" amaldorlari qimmatbaho mulklar uchun pulni qayerdan oldi va ularga boshqa mamlakatlarning fuqaroligi nima uchun kerak? O‘zbekistonning 20-yildan ortiq mustaqilligi davri davomida moliya-iqtisod sohasida malakali milliy kadrlarni tayyorlash imkoni bo‘lmaganiga ishonish qiyin. Bunday kadrlar ko‘tarilishga imkon berishmayotgan bo‘lsa kerak. Ularni ma’muriy-jamoaviy metodlar qo‘llash orqali mablag‘larni boshqarishga odatlanganlar yanchib kelmoqda. Bundaylarning davri esa allaqachon o‘tmishda qolgan".