TOShKENT, 15 dek — Sputnik. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi boshlig‘i, podpolkovnik Nail Galipshin va IIV huzuridagi Tergov departamenti boshqarma boshlig‘i, podpolkovnik Baxtiyor Berdialiyev Koreya Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Raqamli ekspertizalar milliy markazi Raqamli ekspertizalar divizioni (NDFC) mutaxassislari bilan muzokaralar olib borishdi.
Galipshinning ta’kidiga ko‘ra, bugungi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldida daktiloskopiya, hujjatlarning texnik ekspertizasi, avtotexnika ekspertizasi, ballistika, trasologiya, fizikaviy-kimoviy tadqiqotlar va boshqa an’anaviy hamda maxsus tadqiqotlar bilan bir qatorda kompyuter ekspertizalarini o‘tkazish vazifasi ham dolzarb bo‘lib turibdi.
Hozir IIVda EKBM tarkibida kompyuter ekspertizalarini o‘tkazish bo‘linmasini tuzish bo‘yicha tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda globallashuv jarayonlari jamiyat va davlat hayotiy faoliyatining barcha sohalarini qamrab olgan. Shuning uchun zamon axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda sodir etilgan g‘ayriqonuniy qilmishlarni va bunday jinoyatlarga aloqador shaxslarni aniqlashga qodir bo‘lgan mutaxassislarga ehtiyojni keltirib chiqarmoqda.
Bu zamonaviy jinoyatchilar qo‘yayotgan tuzoqlardan bir qismi, xolos. Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga daxldor shaxslar qo‘llaydigan usullar ham ko‘pincha axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash bilan bog‘liq. Internetga in qo‘ygan firibgarlar haqida OAV aholini muntazam ravishda xabardor qilib borapti. Ammo shunga qaramay sodda, ishonuvchan fuqarolar ularning to‘riga ilinib qolyapti.
Buning oqibatida, IIV huzuridagi Tergov departamenti boshqarma boshlig‘ining so‘zlariga qaraganda, mazkur toifadagi firibgarlardan jabr ko‘rganlardan tushayotgan arizalar soni ortmoqda.
Shu munosabati bilan Koreya Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Raqamli ekspertizalar milliy markazi Raqamli ekspertizalar divizioni mutaxassislarining tajribasi O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarida katta qiziqish uyg‘otishi tabiiy.
Tomonlar kompyuter ekspertizalari sohasida o‘zaro tajriba almashish, Koreya Respublikasi delegatsiya a’zolari faoliyat ko‘rsatadigan bo‘linmada O‘zbekiston mutaxassislarini o‘qitish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.