TOShKENT, 14 dek — Sputnik. Joriy yilda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida noqonuniy tekshirishlarga yo‘l qo‘yilishida aybdor bo‘lgan rahbar va mansabdor shaxslarning intizomiy javobgarligini ko‘rib chiqish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga 17 taqdimnoma kiritildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi matbuot-xizmati.
Tahlillar tadbirkorlik subyektlarini nazorat qilish vakolatiga ega bo‘lgan ayrim vazirlik va idoralarda tekshirishlarni tartibga solishga doir qonunchilik talablari xodimlarga yetkazilmagani va bu borada talab darajasida nazorat o‘rnatilmagani oqibatida noqonuniy tekshirishlarga yo‘l qo‘yilayotganini ko‘rsatgan.
"Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nazorat organlariga 5 ta, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi nazorat organlariga 3 ta, Ichki ishlar vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish hamda "Yergeodezkadastr" davlat qo‘mitalariga 2 tadan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va "Avtodarotrans" agentligiga 1 tadan taqdimnomalar kiritildi", — deyiladi xabarda.
Ushbu taqdimnomalar tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ko‘rib chiqilib, noqonuniy tekshirishlarga yo‘l qo‘yganligi uchun 7 nafar rahbar va mansabdor shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi, 14 nafar mansabdor shaxs egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 7 nafariga "hayfsan" yoki "tanbeh" intizomiy jazo choralari qo‘llanildi, 8 nafar xodim o‘rtacha oylik ish haqining 20-50 foizigacha jarimaga tortildi.
Xususan, 2017-yil iyun-iyul oylarida 18 ta tadbirkorlik subyektlarida Kengash bilan kelishilmagan holda noqonuniy tekshirish o‘tkazganligi uchun "O‘zavtodarotrans" agentligining 2017-yil 14-noyabrdagi buyrug‘iga asosan agentlikning Farg‘ona viloyati bo‘linmasi sho‘ba mudiri X.Tursunov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Andijon tumanidagi "Muxtor" fermer xo‘jaligida 2017-yil 9-yanvarda noqonuniy tekshirish o‘tkazganligi uchun "Yergeodezkadastr" davlat qo‘mitasi Andijon viloyat boshqarmasining buyrug‘iga asosan ushbu tuman bo‘lim boshlig‘i D.Abdurashidov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Sirdaryo viloyati Bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan 2017-yil 6-aprelda "Guliston kino" xususiy korxonasida noqonuniy tekshirish o‘tkazilganligi holati bo‘yicha viloyat bojxona boshqarmasining 2017-yil 29-maydagi buyrug‘iga asosan boshqarma xodimlari M.Usmanovga "hayfsan" va A.Qurbonovga "tanbeh" intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
Shuningdek, Chinoz tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari M.Nusratov va J.Murodov tomonidan 2017-yil 30-may kuni "Inter Media Solution Group" MChJ faoliyatida noqonuniy tekshirish o‘tkazilganligi uchun M.Nusratovga nisbatan o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi hamda sho‘ba boshlig‘i J.Murodov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
O‘zbekiston prezidentining "Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonida ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularning faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini tubdan qisqartish, noqonuniy tekshirishlar o‘tkazilishining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.