TOShKENT, 14 dek — Sputnik. "Vodiy tantana media» MChJ rahbari tomoshadan tushgan 30 million so‘m naqd pulni bankka topshirmagan, deb xabar qildi O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi matbuot-xizmati.
Xabarda aytilishicha, 29-noyabr kuni Andijon shahridagi "Oltin vodiy" to‘yxonasida katta konsert dasturi namoyish etilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Abdullayeva hamda xonanda Oyxon Eshonxonova tomoshabin to‘la muhtasham zalda "El aro inson aziz" nomli dastur asosida qo‘shiqlar guldastasini in’om etganlar.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi, "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi viloyat bo‘limi hamda Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari hamkorlikda ushbu konsertning to‘g‘ri tashkil etilishi, sotilgan chiptalarning naqd pul tushumi yuzasidan monitoring-xronometraj tadbirini amalga oshirdilar. Ikki mahal o‘tkazilgan tadbir davomida ishtirokchilardan olingan chiptalar sanoqdan o‘tkazilib, har biri 50 ming so‘mdan ekanligi, jami 600 nafar fuqaroga sotilganligi ma’lum bo‘ldi.
"Vodiy tantana media" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ozodbek Mirzayev tushuntirish xatida 3 kun muddatda tomoshadan tushgan 30 million so‘m naqd pul mablag‘lari bank kassalariga topshirilishi yuzasidan rasman ogohlantirilganligini bildirib, yo‘l qo‘yilgan xato uchun uzr so‘radi.