TOSHKENT, 1 dek – Sputnik. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan eʼlon qilingan ushbu fatvoda hajning farz boʻlishi uchun kishida topilishi lozim boʻlgan shartlar, shuningdek, haj safariga otlanishning tartib-qoidalari, axloq-odoblari bayon etilgan.
"Oʻtgan yillar davomida haj safariga borayotgan fuqarolarimizning holatini kuzatish asnosida shu narsaga ham guvoh boʻlmoqdamizki, ayrim kishilar oʻzlari hajga borishga na moddiy imkoniyati va na ragʻbati boʻlgan holda yoki sogʻligi yaxshi emasligi yoxud uzoq safarga borishga layoqatli emasligiga qaramasdan ularning oʻgʻil-qizlari goʻyoki oʻz farzandlik burchlarini bajarish yoki el-yurt orasida soxta obroʻ topish maqsadida ota-onalarini haj safariga joʻnatayotganlari, oxir-oqibat haj amallaridagi mashaqqatlar ular uchun ogʻir tuyulib, ibodatlarni mukammal ado etishga beeʼtibor boʻlinayotgan holatlar ham uchrab turibdi. Holbuki, haj ibodatining maqbul boʻlishi haj qilayotgan kishining odob-axloqining goʻzal boʻlishiga ham bogʻliq boʻlib, birovlar bilan janjallashish, boshqalarga malol keltiradigan xatti-harakatlar qilish ham haj amaliga putur yetkazadi.
Hojilik maqomini qoʻlga kiritishdan koʻra uning shaʼnini saqlashning masʼuliyati ogʻirroqdir. Chunki, hoji degan nom ortida Makkai mukarrama va Madinai munavvaradek shaharlar va u yerdagi muqaddas qadamjolarga ehtirom, umuman, Islom diniga hurmat yotadi. Shu nuqtai nazardan, har bir hoji oʻzining gap-soʻzi, xatti-harakati, xalq orasidagi muomala-munosabati bilan muqaddas Islom diniga nisbatan hurmat uygʻotishi yoki uning nomiga dogʻ tushirishi ham mumkin ekanini hech qachon yodidan chiqarmasligi lozim boʻladi", deyiladi unda.
Qayd etilganlarni eʼtiborga olib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi haj haqida quyidagi fatvoni eʼlon qildi.
Hajga borish uchun talabgorlarda hajning farz boʻlishi uchun hur, boligʻ, oqil, sogʻlom boʻlish hamda asliy hojatlaridan va qaytib kelgunicha oilasini taʼminlashga qoldiradigan nafaqadan tashqari hajga borib kelishiga yetadigan mablagʻga qodir boʻlish, shuningdek yoʻlning tinch va ochiq boʻlishi kabi zarur shartlarning mavjudligiga eʼtibor qaratilsin. Bunda joylardagi imom-xatiblar mahalla faollariga bevosita koʻmaklashsinlar.
Nafaqat moddiy imkoniyat balki, yurish-turish va muomalada oʻzgalarga ibrat hamda namuna koʻrsatgan, maʼnaviy yetuk, Islom dinining avvalgi toʻrtta arkonlarini ado etib kelayotgan fuqarolarning nomzodini hajga boruvchilar roʻyxatiga kiritishga eʼtibor qaratilsin.
Haj ibodati umr davomida bir marta farz ekanidan kelib chiqib, oʻtgan yillar davomida haj ibodatini ado etishga muyassar boʻlgan fuqarolarning navbatini hajga bormaganlarga berish maqsadga muvofiqdir.
Hajga borish uchun talabgorlar sonining koʻpligi nuqtai nazaridan, roʻyxatda turganlar yosh jihatdan va mahalla ahli orasidagi hurmat-eʼtiboriga koʻra oʻzaro bir-birlariga muruvvat qilishlari maqsadga muvofiq boʻladi.
Hajga borish uchun roʻyxatga kiritilgan musulmonlar haj ibodati toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotga ega boʻlishlariga eʼtibor qaratsinlar. Ushbu ishda imom-xatiblar moʻmin-musulmonlarga amaliy yordam koʻrsatsinlar.
Hajga borish uchun talabgorlar mahalladagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlarda faollik koʻrsatishi, yoshlar tarbiyasida, ularning turli jinoyatlarga qoʻl urmasliklarida jonkuyar boʻlishi tavsiya qilinsin.