Toshkent meni ichki tabassumi bilan hayratga soldi - rejissor Barzu Abdurazzoqov

© Sputnik / Ruslan Krivobok / Mediabankka o‘tishRejisser Barzu Abdurazzakov, arxivnoe foto
Rejisser Barzu Abdurazzakov, arxivnoe foto - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Teatr shinavandalari va rejissorlik kasbi mahoratini tushunadiganlar tomonidan orqavarotdan "Ilohiy rejissor" deya ta’riflanadigan tojikistonlik dramaturg va rejissor Barzu Abdurazzoqov ayni kunda sharq afsonasi - "Farhod va Shirin" spektakli postanovkasi ustida ishlayapti

TOShKENT, 1 dek — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahridagi Muqimiy nomli musiqali drama teatrida dekabr oyining ikkinchi yarmida yangi premyera bo‘lishi kutilmoqda.

Tojikistonlik dramaturg va rejissor Barzu Abdurazzoqov ayni kunda sharq afsonasi — "Farhod va Shirin" spektakli postanovkasi ustida ishlayapti.

…Barzu Abdurazzoqov o‘ziga beriladigan yuksak ta’riflardan "kekkayib" ketadiganlar toifasidan emas. "Men haddan ziyod ikkilanuvchan insonman. Ichki ziddiyatlarim nihoyatda ko‘p. Maqtovlar meni hech qachon tinchlantira olmaydi, ulardan ikkilanishlarim, aksincha, ortadi. Har bir yangi kunni "nol"dan boshlayman. Na ta’lim, na tajriba menga bu borada yordamchi bo‘la olmaydi", deydi u.

Rejissor, dramaturg, kino va teatr aktori, Tojikiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Barsu Abdurazzoqov bilan suhbatimiz Muqimiy teatrida kechdi.

— Barzu aka, siz oxirgi marta Toshkentda 2007-yilda bo‘lgansiz va o‘zbek artistlari bilan birgalikda Molyerning "Skapenning hiylasi" pyesasini qo‘ygansiz. Oradan 10-yil o‘tib O‘zbekistonga qaytdingiz. Toshkent sizda hozir qanday taassurot uyg‘otdi?

— Taassurotlarim ajoyib. Men bu haqda hammaga aytapman, yozapman. Boshqa yurtlarga ketgan o‘rtoqlarimga ham: "bekor ketibsiz, Toshkentga qaytish kerak", dedim. Bilasizmi, biz "Toshkent non shahri" filmini tomosha qilgan avlodmiz. Shu kartina tufayli, hatto, Toshkentda bo‘lmasak ham bu shaharga ko‘ngil qo‘yganmiz. Hozir, bu yerga kelgach, o‘zimni katta shaharga tushib qolgan yosh boladek his qilyapman, sevinchim ichimga sig‘mayapti. Shahar taratayotgan iforni, uning mehmondo‘st xalqini aytmaysizmi! Eng muhimi, butun shahar tabassum qilmoqda. Ha, shaharning tabassumga moyilligi hayratga solmoqda meni. Daoda "ichki tabassum" degan tushunchasi bor. Toshkentda ham mana shu singari ichki tabassum paydo bo‘lgan. U atrofni nur bilan to‘ldirmoqda. Qayerga bormay — shu tabassumga duch kelyapman. U shunchaki rasmiy emas, ich-ichdan taraladigan, samimiy tabassum. Bu meni cheksiz shod etmoqda, shahar gullab-yashnayotganidan, ajoyib hid taratayotganidan xursandman. Toshkentda shunchaki taomlar emas, balki — tabassum va ezgulik iforlari taralmoqda. Mening taassurotlarim mana shunday.

Oshskiy uzbekskiy akademicheskiy muzikalno-dramaticheskiy teatr imeni Babura - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston O‘sh teatriga 30 ming dollarlik libos va dekoratsiyalar taqdim qildi
— Toshkentga kelishingiz qanday kechdi?

— Taqdir taqazosi tufayli. Men qadimgi grek psixologiyasiga ega inson sifatida, taqdirga ishonaman. Toshkentga borish xayolimda ham yo‘q edi. Chunki boshqa mamlakatda ishlar bilan band edim. Ammo taqdir taqazosi bilan bir premyeradan ikkinchisiga qadar 1,5 oy bo‘sh vaqt paydo bo‘ldi. Xuddi shu vaqtda Mirzo Azizov (Muqimiy teatri rahbari, — tahr.) qo‘ng‘iroq qilib, navbatdagi bor "Kelasizmi yoki yo‘q", deb savol berdi. Tabiiyki men "yo‘q" deya olmasdim. Avvalo, Toshkentni cheksiz sog‘ingandim. O‘zbek tili, o‘zbek milliy musiqasi, o‘zbekistonliklar va yillar davomida uchrasha olmagan do‘stlarimni qattiq sog‘ingan edim. Yana muhabbat haqida spektakl qo‘yishni ham yurakdan xohlayotgandim.

— Nega aynan muhabbat haqida?

— O‘zim yengiltabiatroq bo‘lganim uchundir (kuladi).

Bilasizmi, bugun to‘rtinchi repetitsiyamiz bo‘ldi va o‘zbek aktorlari mening bu muhabbat tarixiga nisbatan qarashlarimdan biroz dovdirab qoldilar. Chunki men muhabbatning barcha, hatto, yoqimsiz qirralarinida ko‘rib chiqaman. Men unga sayqal bermayman, balki alanga oldiraman. Muhabbatni bu tuyg‘uni inkor etadigan nuqtagacha olib boraman. Muhabbat muhabbat bilan to‘qnashib, o‘rtada nafrat va muhabbat tug‘iladi. Bu mash’um muhabbat. Siz undan voz kecholmaysiz va shu vaqtning o‘zida undan charchaysiz. Lekin uni unitolmaysiz. Ikki oshiq bir-birini sevadimi yoki aksincha, nafratlanadi, hatto ularning o‘ziga ham ayon emas…

Men muhabbatning barcha qirralarini ko‘zdan kechirishni xohlayapman.

© Facebook / Teatr "Jas Saxna"Barzu Abdurazzakov
Barzu Abdurazzakov - Sputnik O‘zbekiston
Barzu Abdurazzakov

— Akterlardan nimani talab qilyapsiz?

— E’tibor! Hozir meni faqat e’tibor qiziqtiradi.

Aktorlar tarkibi tanlanmagani uchun, jamoaviy tahlil bilan shug‘ullanyapmiz. Biz muhabbatni, xuddi rak o‘simtasi singari mikroskop yordamida ko‘zdan kechirish, uning buzg‘unchilik xosiyatlarini anglash bilan bandmiz. Biz u qanday qilib hamma narsani yo‘q qilib tashlashini tushunishni xohlayapmiz.

Shu bois, hozirgi vazifamiz diqqat bilan mikroskopga qarashdan iborat.

Yo ilm - yo film, yo nasr - yo basir, yo nazm - yo marazm
— Nega rejissorlik kasbini tanlagansiz?

— Javobim ehtimol sizni lol qoldirar. Men aktorlarning farzandiman. Ota-onam teatr sohasida xizmat qilishgan. Tug‘ilibmanki, teatrda yashaganman. Ota-onam sahnada vaqtlarida old qatorda uxlab qolardim… Shu bois, teatrni sevishim mumkin ham emasdi, bu ahmoqlik bo‘lardi. Men undan nafratlanardim. Men teatrga unga bo‘lgan muhabbatim tufayli emas, aksincha, nafratim tufayli kelganman. Balki ongu shuurimda uni vayron qilish maqsadi bo‘lgandir. Ha, xuddi diversant singari — bomba qo‘yib, portlatib yuborish uchun kelgan edim. Keyin esa kutilmaganda meni o‘ziga asir qilgan teatrni sevib qoldim.

Men o‘z jallodimga ko‘ngil qo‘ydim.

— Barzu aka, siz qilgan ishlar haqida ko‘plab iliq fikrlarga ko‘zim tushdi. Yaqinlaringiz bahosi siz uchun muhimmi yoki o‘z ishidan hech qachon ko‘ngli to‘lmaydigan insonsizmi?

— Yaqinlarim fikri juda muhim. Meni tanqidchilar emas, balki farzandlarim fikri qiziqtiradi. Zalda o‘g‘illarim va rafiqam o‘tirsa, juda hayajonlanaman. Men barcha spektakllarimni mana shu uch inson uchun qo‘yaman. Chunki ular xolis baho beradi. Premyeradan so‘ng men tabriklardan ham ko‘ra, ular zalda qanday paydo bo‘lishini intizorlik bilan kutaman. Ularning hatti-harakatlariga qarab, spektaklim qanday chiqqanini anglab olaman.

— Ter to‘kib mehnat qilgan spektaklingizni tomoshabin qabul qilmagan vaqtlar ham bo‘lganmi?

— Albatta. Tomoshabin yaxshi ko‘rmaydigan sevimli spektakllarim bor. Men yaxshi ko‘rmaydigan, ammo tomoshabin muhabbatini qozongan spektakllar ham bor. Albatta, dilim og‘riydi, men sevgan o‘sha spektaklga ko‘proq mehnat sarf qilganman, u yaxshiroq, sifatliroq, aqlliroq, u ko‘proq foyda keltiradi. Tushunayapsizmi? Misol uchun sarimsoq singari. "Snikers" yegandan ko‘ra, sarimsoq yegan yaxshi ekanligini bilamizku. Lekin odamlar foydalisini olishmaydi. Men sevgan spektakllarga odamlar kam keladi. Shunday vaqtlarda sahna ortida turib yig‘lagim keladi… Chunki men bu spektaklning ahamiyatini yaxshi tushunaman va shundan qattiq azob chekaman.

— So‘nggi vaqtlarda bo‘sh zallar muammosi paydo bo‘lgan. Odamlar teatrlarga bormay qo‘ydi. Sizningcha tomoshabinni zallarga qanday qaytarsa bo‘ladi?

— Bu juda murakkab savol. (o‘ylab qoladi) Mana misol uchun, men har kuni kechqurun "N" kafesiga ovqatlangani boraman. Va har kech men u yerda paydo bo‘lishim bilan ularda meni qayerga o‘tqazish muammosi tug‘iladi. Chunki kafe odamlarga liq to‘la bo‘ladi. Ular hech kimga hech narsa va’da bermaydi, lekin odamlar o‘sha kafega boraveradi.

Nega?

Chunki u yerda taomlar juda mazali. Muomala yaxshi. Ozodalik hukmron. Yaxshi xizmat ko‘rsatishadi. Teatrdagi muammolar ham biz yaxshi taom tayyorlay olmayotganimiz tufaylidir.

Nega deganda, bizning mahsulotimiz — bu tafakkurimiz, ongimiz, professionalligimiz, ishonchimiz demakdir. Artistlar chiptani pulga olib, ularning ijrosini tomosha qilishga kelgan muxlislarga muhabbatli bo‘lishlari, to‘laligicha o‘zlarini baxsh eta bilishlari kerak.

Biz tomoshabinni sevmay qo‘ydik, shu bois tomoshabin ham teatrga kelishni to‘xtatdi.

Teatr nufuzini qanday oshirsa bo‘ladi? - Mirziyoyev fikri
Ayb tomoshabinda emas, ayb BIZDA. Agar mening spektaklimga kelishmayapti ekan, demak men nimanidir noto‘g‘ri qilyapman. Balki qilayotgan ishlarimiz u qadar ishonchli emasdir. Tomoshabinni qaytarish uchun teatrlarni o‘rganib chiqishimiz kerak. U yerlardan yaxshi signallar kelmay qo‘ygan. Mutaxassislar buni o‘rganishlari kerak. Bugungi kunda teatrlarda mutaxassislar yetishmaydi — ular 98% iqtidorsiz odamlarga to‘lgan. Har qanday tomoshabin sizning kamchiligingizni ko‘ra ola bilsa — demak u yomon teatr.

Tasavvur qiling, zalda 600 nafar tomoshabin o‘tirsayu, har biri sizning kamchiligingizni ko‘ra olsa. Ustiga-ustak, kamchiligimizni ko‘ra olgan odamlarga "siz teatrni tushunmaysiz", deya javob berishga odatlanib qolganmiz. Tasavvur qiling, men kafega kelsamu, u yerda menga sho‘r ovqatni berishsa. "Ovqatingizni tuzi ko‘p ekan", degan e’tirozimga "Siz ovqatni tushunmas ekansiz", deb javob berishsa…

Tomoshabin bugun eng go‘zal kartinalarni tomosha qilish imkoniga ega. Internetda minglab yaxshi filmlarni ko‘rapti u. Teatr sahnasida yomon dramaturgiyani ko‘rsatib, yana tomoshabinni ahmoqqa chiqarish, bu uni haqoratlash degani. Hech kim hech qachon bunday teatrni sevmaydi, unga pul to‘lab hayotda kirmaydi.

— "Farhod va Shirin"da tomoshabin nimani ko‘radi?

— Mening fikrimni, taassurotlarimni. Spektaklda bugungi kundagi tushunchalarimni aks ettirishga harakat qildim. Tajribam bugun bu shunday bo‘lishi kerak, deb ko‘rsatdi va men ichki hissiyotlarimga bo‘ysundim. Tomoshabin meni toshbo‘ron qilishi mumkin, lekin bu mening bugungi tushunchalarim. Ehtimol, adashayotgandirman…

— Barzu Abdurazzoqov nimani orzu qiladi?

— Munosib hayot kechirib, jannatga tushishni.


Tojikistonning xizmat ko‘rsatgan artisti Barzu Abdurazzoqov 1959-yil Dushanbe shahrida tavallud topgan. Uning otasi taniqli artist Xabibullo Abdurazzoqov, onasi — aktrisa Fotima Gulyamova.

1980 yil Tojik san’at institutining rejissorlik fakultetini, 1987-yil — Moskvadagi A.V.Lunacharskiy nomidagi oliy o‘quv yurtining rejissorlik bo‘limini tugatgan.

2009 yilda Dushanbedagi Mayakovskiy nomli teatr sahnasida namoyish etilgan "Telbalik. 1993-yil" postanovkasi Tojikiston Madaniyat vazirligi ta’qiqiga tushgan.

Shundan so‘ng rejissor o‘z mamlakatida ishlash imkoniyatidan mahrum etilgan va 2013-yilda Qirg‘izistonga ketgan. Rejissor bugungi kungacha Ch.Aytmatov nomidagi Davlat rus drama teatrida ishlab kelmoqda. Ketma-ket ikki marta Qirg‘izistonning eng yaxshi rejissori unvoni bilan taqdirlangan.

Yangiliklar lentasi
0