Yo ilm - yo film, yo nasr - yo basir, yo nazm - yo marazm

Obuna bo‘lish
Shuncha tarbiyadan keyin tarbiyasizlar qaydan paydo bo‘lmoqda?

Televizorda ko‘p ko‘rgansiz: muxbir kinoteatrning chiqish eshigi oldida turib, tomoshabinlarni so‘roqqa tutadi:

— Film haqida fikringiz?

Mujchina v kostume zombi u ogradi Universal Studios Hollywood v Kalifornii - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda 225ta xorijiy filmni olib kirish, ko‘paytirish va tarqatish taqiqlandi
- Yaxshi, tarbiyaviy ahamiyati bor! — deydi tomoshabin hissiz ovozda.

Javob hakam hukm o‘qiganday jaranglaydi Tarbiyaviy ahamiyati bo‘lsa, demak yaxshi kino, yaxshi asar!

Nima degan gap o‘zi bu — tarbiyaviy ahamiyati bor?

Goh-gohida kap-katta, obro‘li mutaxassislar ham televizorga chiqib, shunga o‘xshash fikr bildirib qoladi. Adabiy asarlar haqida ham shunga o‘xshash gaplar aytilmoqda.

Xullas, hammayoqda tarbiya!

Teatr nufuzini qanday oshirsa bo‘ladi? - Mirziyoyev fikri
Savol tug‘iladi: kinoni tarbiyalanish uchun ko‘rsak, teatrga tarbiya olish uchun borsak, badiiy asarlarni tarbiya uchun o‘qisak, nima shunchalar tarbiyasizmizmi? Yoki nasihatbozlik komiga tushib, estetik zavq olishni unutib qo‘ydikmi? Filmni, spektaklni shunchaki, dam olish, to‘lqinlanish uchun ko‘rolmay qoldikmi? Badiiy asarni ruhlanish, unda bitilgan sirli-sehrli olamga sho‘ng‘ib, xayolot dunyosiga ko‘chib o‘tish uchun o‘qiyolmaymizmi?

San’at va adabiyotni yumushga aylantirib qo‘yibmiz-da, unda!

Kinodan chiqib, tarbiya haqida gapirishlar filmning ijobiyligini emas, balki biz kinoga tushishdan uyalib qolganimizni isbotlaydi, xolos. Chunki shu gap bilan ovorai sarson bo‘lib kinosaroyga kelganimizni oqlamoqchi bo‘lamiz.

Asar ijodkorlari bu kabi dalilni keltirsa, bilaveringki, asarning nasihatbozlikdan boshqa hech qanday jozibasi yo‘q.

San’at va adabiyotning vazifasi ko‘p. Ko‘ngilochar, estetik zavq berish, didni tarbiyalash, axborot berish va hokazo.

Ular qaysi vazifani bajarishdan qat’iy nazar, parallel ravishda tarbiya funksiyasini amalga oshiradi. Chunki inson har qanday voqea-hodisa, axborotdan ma’lum xulosalar chiqaradi, xulosa esa uning ongi, dunyoqarashi shakllanishida oziq bo‘ladi. Hatto eng razil ishlar haqidagi asarlar ham kishini yaxshilik yo‘lida tarbiyalaydi.

Deylik, Kamyu asarlarining qahramonlari egoist, o‘zidan boshqani o‘ylamaydigan shaxslar, bayon etilayotgan voqealar ham bizning axloqqa zid. Tanqidchilarimiz ularni g‘arb axloqi inqirozini fosh etish sifatida talqin etadi. Demak, bu asarlar o‘quvchiga yomon yo‘lni ko‘rsatib, uni to‘g‘ri yo‘ldan yurishga undaydi.

Nasihatni yoqtirishimiz bor gap. Buni Tohir Malikning ushbu yo‘nalishdagi asarlari ommabopligidan ham bilsa bo‘ladi. Lekin "tarbiyali-tarbiyali" deyaverib, xalqni san’at va adabiyotdan uzoqlashtirib yubordik. Axir hech kim, "teatrga tushib, biroz tarbiya olib kelay", demaydi-ku. Hatto bunaqa o‘yni ko‘ngligayam yaqin yo‘latmaydi. Chunki bu dunyoda har qanday inson o‘zini to‘liq tarbiyalangan hisoblaydi. Badiiy asarlarga, hech bo‘lmaganda shu so‘zni tirkamaganimizda, uning muxlislari hozirgidan biroz ko‘proq bo‘larmidi?

Bilamiz-ku, axloqsizlik, tarbiyasizlikni targ‘ib etuvchi asar borki, muxlislari ko‘p. Sinov uchun biror asarni axloqsizlikda ayblab ko‘raylik, ertasigayoq muxlislari soni keskin ortadi. Bir paytlar afishasiga "16 yoshga to‘lmaganlar kiritilmaydi" deb yozilgan kinoga tomoshabinlar oqib kelardi. Ana sizga tarbiya!

Qolaversa, bizning nazarimizdagi tarbiyaviy asarlarni faqat iqtidorsiz shaxslargina yaratadi. Haqiqiy asar esa tomoshabinni, kitobxonni uning o‘ziga bildirmay tarbiyalaydi.

Yangiliklar lentasi
0