Xorijlik murabbiy. Sovet futboliga qo‘llab bo‘lmaydigan tushuncha edi bu. Lekin oddiy ishqiboz vatandoshi bo‘lgan mutaxassis xorijda muvaffaqiyatga erishsa bundan faxrlanardi. Bunga eng yorqin misol — Valeriy Kozmich Nepomnyashiy, Ashxobodning "Kolxozchi" jamoasi sobiq murabbiyi. 1990-yilda u Afrika jamoasi bilan jahon chempionatining chorak finaliga qadar yetib borgandi. O‘sha baxtli jamoa Kamerun termasi edi.
Bugungi kunda aynan Valeriy Nepomnyashiy O‘zbekiston termasini boshqargan oxirgi xorijlik murabbiy hisoblanadi. U 2006-yilda terma jamoa bilan 6ta uchrashuvda maydonga tushib, bor-yo‘g‘i bitta o‘yinda mag‘lubiyatga uchragandi. O‘shanda "oq bo‘rilar" Osiyo Kubogi-2007ning final bosqichiga chiqishgandi.
O‘shandan buyon mahalliy mutaxassislar sezilarli natijaga erisha olishmayapti. Faqatgina Osiyo chempionatlaridan birida jamoaning to‘rtinchi o‘rinni egallagani sal ko‘ngilga taskin beradi.
Shu bois men xorijlik murabbiy izlash fikrini mantiqan to‘g‘ri deb hisoblayman. Jamoani kim yuqoriga olib chiqishi mumkin? "Oq bo‘rilar sardori" bo‘lishga men quyidagilarni favorit deb hisoblayman.
Bert van Marveyk. Darvoqe, Rossiya termasi ham xorijlik murabbiyni aynan gollandlar orasidan qidirgan va bu bor-yo‘g‘i ikki yil ichida o‘z mevasini bergandi. Xiddink rossiyalik futbolchilarni muntazam harakat qilishga majbur qildi – bu Rossiya termasiga "Gus Ivanovichning qabiladoshlari"ni Yevro-2008 chorak finalida yengishga va bronzani qo‘lga kiritishiga yordam berdi. Van Marveyk Niderlandiya terma jamoasida Xiddink kabi yo‘l tutish hisobiga muvaffaqiyatga erishdi: yuqori tezlik, maydonnning hamma yerida bir-birini qo‘llab-quvvatlash, qat’iy intizom – mana shular hisobiga "lolaranglilar" 2010-yilgi jahon chempionatining kumush medalini qo‘lga kiritishdi.
Gollandiyalik mutaxassis o‘zining nimalarga qodirligini oradan yetti yil o‘tganidan keyin yana bir bor isbotladi. U Saudiya Arabistoni termasini 2018-yilgi jahon chempionatiga olib chiqdi. Bu safar ham maydonda butun uchrashuv davomida doimiy harakat evaziga. Mana shu xislat O‘zbekiston terma jamoasida ishlashga juda qo‘l keladi. "Bo‘rilar"ga aynan harakat yetishmaydi. Albatta, shuni ham unutmaslik lozimki, van Marveyk judayam talabchan va hech qanday murosaga bormaydi.
Bernd Shtork. Sobiq sovet futboli bilan tanish murabbiy. U Qozog‘iston termasini boshqargan. Futbolchilar tayyorlash tizimining barcha plyus va minuslarini yaxshi biladi. Van Marveykdan farqli o‘laroq, Shtork – keskin va pragmatik futbol tarafdori. Aynan mana shu uslub vengerlarga nafaqat Yevro-2016ga chiqishiga, balki munosib ishtirok etishlariga asos bo‘lgan. Germaniyalik murabbiyning taktik uslublarisiz rortugaliyaliklar bilan 3:3 hisobidagi durang (o‘shanda portugallar Yevropa chempioni bo‘lishgan), nimchorak finalga chiqish oson emasdi. O‘zbekiston termasiga mana shu narsa ham yetishmaydi.
Dan Petresku. 1990-yillardagi Ruminiya termasining afsonasi. Krasnodarning "Kuban" va Moskvaning "Dinamo"sida sermahsul faoliyat olib borgan. Oddiy jamoalarni qanday boshqarishni va ular uchun uzoq muddatli strategiya yaratishni juda yaxshi biladi.
Men uchun mana shu mutaxassislar O‘zbekistonda ishlash uchun eng munosib nomzodlardir. Slaven Bilich va Slavolyub Muslinlarning erishgan natijalari esa afsuski, o‘tmishda qolib ketgan. O‘zbekiston Futbol federatsiyasi bosh murabbiyni navbatdagi saralash bosqichiga emas, ancha uzoqroq muddatga tanlashiga ishongim keladi.
Ilgariroq O‘zbekiston Futbol federatsiyasi mamlakat milliy terma jamoasiga bosh murabbiy jalb etish bo‘yicha bir necha xorijlik mutaxassislar bilan muzokaralar olib borayotganligini ma’lum qilgandi.
Ular qatorida ruminiyalik Dan Petresku, serbiyalik Slavolyub Muslin, chernogoriyalik Miodrag Radulovich, italiyalik Anjelio Alessio, germaniyalik Bernd Shtork, xorvatiyalik Branko Ivankovich, xorvatiyalik Slaven Bilich, italiyalik Valter Massari, gollandiyalik Bert van Marveyk bor.
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazariga mos kelmasligi mumkin.