TOShKENT, 29 noya — Sputnik. O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25-yilligi munosabati O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi qarori bilan "Murad Buildings" xususiy developerlik kompaniyasi rahbari Murodxon Nazarov "O‘zbekiston belgisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
"O‘zbekiston belgisi" ko‘krak nishoni mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etib, namuna ko‘rsatayotgan yoshlarga taqdim etiladi.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri Murodxon Nazarovni bu mukofot bilan tabriklab, u bilan kelgusidagi rejalari haqida suhbatlashdi.
Vatanparvarlik tuyg‘usi
- Sizni "O‘zbekiston belgisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganligingiz bilan muborakbod etamiz.
— Ko‘krak nishoni shaxsan menga berildi, deb qabul qilmayman. Buni ko‘proq vatanparvarlik tuyg‘usi bilan yashab, O‘zbekiston xalqi farovonligi, yurtimiz rivoji, yoshlarni yetuk inson bo‘lib yetib chiqishi uchun harakat qilayotgan insonlarga nisbatan e’tibor va ularning mehnatini qadrlash sifatida qabul qilaman. Bu ko‘krak nishoni ko‘pchilikniki, deb hisoblayman.
Bir so‘z bilan aytganda — bu katta o‘zgarish va katta faxrdir.
- Kelgusida qanday rejalaringiz bor?
— Kelajak yoshlarimiz qo‘lida. Kelajakdagi maqsadlarimiz va rejalarimiz, shu hozirgiday qanday ketayotgan bo‘lsak, bundan buyon, albatta bu kuch-quvvat, bu g‘ayrat, g‘oyalar hammasi osmondan, xudodan. Nimaga deganda, albatta, bu tuyg‘ularga, muqaddas hissiyotlarga ega bo‘lgan inson, faqat o‘zini emas, balki atrofidagilar, boshqalarning g‘ami, ularni rivojlanishida hissa qo‘shish ishtiyoqi katta bo‘lgan insonlarga o‘zi xudo to‘g‘ri yo‘lni, kuch-quvvatni beradi.
Shuning uchun avvalambor, har doim esdan chiqarmasdan, faqat biznesni rivojlantirib, shaxsiy hayotni emas, balki jamiyat, umuman odamzod muammolariga har doim e’tibor qaratib, ularni yechimida o‘zimizning hissamizni qo‘shishga harakat qilib, yashash kerak.
Bu qanday biznes qilishga yoki ish hajmiga bog‘liq emas. Har bir inson bu o‘zi katta baxtki — boshqa insonlarga manfaati yoki yordami tegsa, odam juda baxtli bo‘ladi. Yordamni yoki maslahat olgan insondan tashqari, uni berayotgan inson ham juda katta baxtdir.
Shuning uchun biznesni rivojlantiramiz. Biznes ketidan qancha ish joylari yaratiladi, iqtisodiyot rivojlanadi. Buning natijasida hamkorlarimizni ish hajmi va daromadlari oshadi, davlatga soliqlar tushadi, yurtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shiladi. Shuningdek, rivojlanish bosqichida tajriba oshadi. Tajribani boshqalarga ulashamiz, zarur bo‘lsa yig‘ilgan mablag‘larimizdan albatta kerakli joylarga davlatga yordam qilish maqsadida fuqarolik burchimiz bilan ko‘maklashamiz. Ushbu kuch bizga kelajakda katta-katta maqsadlarga erishda asosiy turtki, kuch bo‘lishini yaxshi tushunaman.
"Murad Buildings" asosiy rivojlanish sabablari va tamoyillaridan bittasi ham shu albatta mas’uliyatni bo‘yniga olish va atrof-muhim, jamiyat muammolarini yechimida o‘z hissasi borligini qabul qilish. Bu bilan xoh kompaniya bo‘lsin, xoh inson bo‘lsin doim oldiga ketaveradi. Oldimizda katta rejalarimiz bor.
Bularni men ko‘pchilikka aytab kelaman, O‘zbekiston yoshlariga, ayniqsa xorijda yurganlarga. Mana Rossiyaga kelib, O‘zbekiston elchixonasi bilan birgalikda master klass o‘tkazib bermoqchimiz. Yoshlarni chaqiramanki, O‘zbekistonda hozir yangi orzularni ro‘yobga chiqarish uchun juda bir yoqimli ijobiy shamol esayapti. Shuning uchun bundan foydalanish kerak, foydalanilmaganlar keyin afsuslanadi. Xullas, kelajakka nisbatan umidlarimiz va taassurotlarimiz katta.
- Hozirgi kunda O‘zbekistonda yoshlarga katta e’tibor berilmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston yoshlariga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
— Yoshlarga e’tibor deganda hukumat tomonidan kengashlar, g‘oyalar bilan juda katta yordam berilmoqda. Bundan tashqari, muvaffaqiyatga erishgan fuqarolar, tadbirkor bo‘ladimi, biron bir kasb egasi bo‘ladimi, faqat davlatga tashlab qolmasdan, har bir inson fuqarolik burchini bajarib harakat qilib, o‘z hissasini qo‘shish kerak. Boshqalarni tortishi kerak, chunki jamiyat, yurt rivojlansa, hammaning imkoniyati ko‘payadi. Oldidagi insonlar ko‘tarilsa, uning imkoniyatlari ham ko‘payadi.
Buning uchun birinchidan, ko‘pchilik bo‘lib harakat qilish kerak. Ikkinchidan, davlat hammasini chaynab, og‘ziga solib qo‘yishi shart emas. Chunki ozgina qiyinchilik bo‘lsada, odamning o‘zi intilishi uchun to‘sqinliklar qolmasa — qizig‘i qolmaydi. Hayotning o‘zi muammolarni, qiyinchiliklarni yechish, ularni yengib o‘tish orqali odam ulkan huzurini ko‘radi. Shuning uchun davlatning e’tiborining o‘zi katta gap. Taklif qilingan g‘oyalarni amalga oshirishga ko‘mak berib turishsa bo‘ldi, hammasini qilish shart emas, qolganini fuqarolar o‘zlari qilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, Murad Buildings — O‘zbekistonda ko‘chmas mulk sohasida faol ish olib boruvchi developerlik kompaniyasi. Kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishi — ko‘p xonadonli uylar va tegishli ijtimoiy infratuzilmani o‘z ichiga oluvchi turar joy loyihalarini rivojlantirish. Turar joy majmualari individual me’moriy konsepsiya bo‘yicha quriladi va turli daromadga ega keng auditoriya uchun mo‘ljallanadi.