TOShKENT, 22 noya – Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev farmoniga ko‘ra xonanda, bastakor, "Yalla" vokal-cholg‘u ansambli badiiy rahbari Farrux Zokirov Qirg‘iziston va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi, ko‘p yillik va samarali ijodiy faoliyati uchun "Dostuk" ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Farrux Zokirov 1946-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston va sobiq Ittifoqdagi beshta respublika xalq artisti, san’at sohasida O‘zbekiston Davlat mukofoti sohibi.
Farrux Zokirov ayni paytda ham ijodini davom ettirmoqda hamda "Yalla" guruhi bilan birgalikda qator davlatlarda o‘z chiqishlari bilan muxlislar olqishiga sazovor bo‘lmoqda.
Hozirda Farrux Zokirov O‘zbekiston xalq artistlari klubining raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.