TOShKENT, 25 noya — Sputnik, Anton Kurilkin. O‘zbekiston prezidenti Janubiy Koreyaga ilk tashrifini amalga oshirdi.
Biznes shartnomalar va investitsiyaviy loyihalar
Shavkat Mirziyoyev birinchi navbatda biznesmenlar bilan uchrashdi – ikki davlat tadbirkorlari Janubiy Koreya-O‘zbekiston biznes forumida jam bo‘lishdi. O‘zbekistonda ish yuritish imkoniyatlari haqida so‘zlar ekan, prezident ikki mamlakat hamkorligining hajmi ulkan ekanligini qayd etdi – 2017-yil holatiga koreyaliklar 7 milliard dollar sarmoya kiritishgan va 461ta korxona ochishgan.
Tashrif davomida bir nechta yirik investitsiyaviy shartnomalar imzolandi – Koreyaning bir nechta gigant kompaniyalari (Hyundai, Evergreen Holdings, Youngone Corporation, Hwachon Plant-Gemco) O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaror qildi.
Bular orasida eng ko‘zga tashlanadigani Hyundai kompaniyasi shartnomasi bo‘ldi – avtokonsern O‘zbekistonda avtomobillar ishlab chiqarishni boshlaydi. Yangi korxonaning qayerda joylashishi va ishlab chiqarish hajmi haqida hozircha oshkor qilinmadi, faqat ishlab chiqaradigan mahsulotlari turi ma’lum: avtobuslar, yuk mashinalari va ayrili yuklagichlar.
Mirziyoyevning Seulga tashrifi davomida imzolangan barcha shartnomalarning umumiy qiymati 8,94 milliard dollarni tashkil etadi. Eng ko‘p investitsiya energetika va neft-kimoga yo‘naltiriladi— 2,95 milliard dollar. Sal kamroq — 2,7 milliard dollar bank-moliya sohasiga, 1,7 milliard dollar esa infratuzilmaga ajratiladi.
Tashrifning siyosiy qismi va idoralar hamkorligi
So‘ngra prezident koreyalik hamkasbi Mun Chje In bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tor doirada o‘tkazilgan muzokaralarda prezidentlar hamkorlikning kelgusidagi istiqbollar haqida suhbatlashishdi hamda mintaqaviy va xalqaro siyosat bo‘yicha fikr almashishdi.
Muzokaralar yakunlariga ko‘ra tomonlan hamkorlik bo‘yicha bir qator muhim memorandumlarni imzoladi: endilikda Adliya, Tashqi ishlar va Iqtisodiyot vazirliklari o‘zaro hamkorlik qilishadi. O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi va Koreya Savdo, sanoat va energetika vazirligi hamkorlikda elektron savdo platformasini joriy etishadi.
Janubiy Koreya shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishiga yordam beradigan bo‘ldi. Janubiy koreyalik mutaxassislar o‘zbekistonlik hamkasblariga texnik, konsultativ va ekspert ko‘magini ko‘rsatadi.
Tomonlar Koreyaga o‘zbek uranini yetkazib berishga ham kelishib olishdi.
O‘zbekiston prezidenti Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi spikeri va mamlakat bosh vaziri bilan ham uchrashdi.
Shartnomalar imzolanganidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev BMTning sobiq bosh kotibi Pan Gi Munni qabul qildi – ular ikki mamlakatning kelgusidagi hamkorligi borasidagi masalalarni muhokama qilishdi.
Seulning faxriy fuqarosi va prezident haqidagi kitob
Tashrif davomida madaniy qismga ham o‘rin ajratildi – O‘zbekiston prezidenti Koreya Milliy muzeyi va Seul muzeyiga tashrif buyurdi.
Seul meriyasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga shaharning faxriy fuqaroligini berish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari, koreys tilida chop etilgan "O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev" nomli kitobning taqdimoti o‘tkazildi.
Kitob 50 ming nusxada nashr etilgan bo‘lib, 350 sahifadan iborat hamda mavzular bo‘yicha sakkizta bobga bo‘lingan. Kitobda Shavkat Mirziyoyevning faoliyati haqida batafsil hikoya qilinadi.
O‘z navbatida O‘zbekiston rahbari ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik belgisi sifatida Toshkentdagi ko‘chalardan birini Koreya poytaxti Seul nomi bilan atashni taklif qildi.