TOShKENT, 25 noya – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi har tomonlama samarali bo‘ldi, deb yozadi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.
Prezidentning tashrifi davomidagi uchrashuvlarda yirik investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish, iqtisodiyot, energetika, moliya, sarmoya, yuqori texnologiyalar kabi sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, gumanitar aloqalarni kengaytirish, vazirliklar va idoralararo hamkorlikni mustahkamlashga doir masalalar muhokama qilindi.
Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnikaviy va boshqa sohalarga oid umumiy qiymati 10 milliard AQSh dollaridan ortiq 60 dan ziyod hujjat imzolandi. Shundan 4,5 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalardir.
O‘zbekiston rahbari 24-noyabr kuni BMT sobiq bosh kotibi, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining etika komissiyasi raisi Pan Gi Munni qabul qildi. O‘zaro muloqotda Shavkat Mirziyoyev Pan Gi Mun BMT bosh kotibi lavozimida faoliyat yuritgan davrda O‘zbekiston bilan BMT hamkorligida samarali loyihalar amalga oshirilganini yodga oldi.
Pan Gi Mun Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifini yuqori baholab, ikki mamlakat o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va o‘zaro ishonch ruhidagi hamkorlik aloqalari rivojida yangi bosqichni boshlab berganini qayd etdi.
O‘zbekistonning tashabbuslari Markaziy Osiyoni barqaror va yuksak iqtisodiy rivojlangan mintaqaga aylantirishda muhim qadam bo‘lishi ta’kidlandi.
Pan Gi Mun Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik izhor qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Koreya Milliy Assambleyasi spikeri Chon Se Gun bilan uchrashdi.
Spiker Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va strategik munosabatlarni yanada mustahkamlash keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Prezident Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi faoliyati bilan tanishdi.
Shavkat Mirziyoyev Koreya poytaxti meriyasiga tashrif buyurdi. Prezidentni Seul shahri meri Pak Von Sun kutib oldi.
Shavkat Mirziyoyev faxriy mehmonlar kitobiga o‘z tilaklarini yozib qoldirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreyani do‘stlik rishtalari, o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkam bog‘lab turishi alohida ta’kidlandi.
Zamonaviy texnologiyalar asosida shaharni boshqarish, transport tizimi va uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha samarali tizimni tashkil etish sohasida Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasidan foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shaharsozlik, me’morchilik va landshaft dizayni sohalarida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Seul shahrining faxriy fuqarosi unvonini berishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Mirziyoyev Toshkent shahridagi ko‘chalardan biriga Seul nomini berish taklifini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyevga Seul shahri faxriy fuqarosi unvoni tantanali topshirildi.
O‘zbekiston prezidenti tashrif davomida Koreya bosh vaziri Li Nak Yon bilan uchrashdi.
O‘zbekiston rahbarining Janubiy Koreyaga davlat tashrifi davomida savdo, yoqilg‘i-energetika, kimyo, transport va transport kommunikatsiyalari, logistika, avtomobilsozlik, tog‘-kon sanoati, yengil sanoat, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, tibbiyot, turizm, fan-ta’lim va madaniyat kabi ko‘plab sohalarda kelishuvlarga erishildi.
Shavkat Mirziyoyev Koreya bosh vaziri Li Nak Yon bilan uchrashuvda erishilgan mazkur kelishuvlarni amaliyotga izchil tatbiq etish, yangi istiqbolli loyihalar bo‘yicha hamkorlik aloqalarini jadallashtirish masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston prezidenti Koreya prezidenti Mun Chje In hamrohligida Seul shahridagi Janubiy Koreya Milliy muzeyiga tashrif buyurdi.
Prezident muzey eksponatlari bilan tanishdi. Madaniy-gumanitar sohalarda davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan kelishib olindi.
Shu bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi nihoyasiga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Koreya prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan 22-24-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.