TOShKENT, 24 noya — Sputnik. O‘zbekistondagi mahalliy va chet el internet nashrlarida Andijon shahar hokimi o‘z egallab turgan lavozimidan foydalanib, qo‘l ostidagilarga zug‘um o‘tkazayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.
"Agar rahbarlar namuna bo‘lmasa, ertaga biz odamlarni ergashtira olmaymiz. Bugun oramizda ana shunday fazilatlarga ega bo‘lgan: xalqimizning hurmat va ehtiromi, ishonchiga sazovor bo‘layotgan ko‘pchilikni tashkil etadi va biz ular bilan, albatta, faxrlanamiz.
Lekin afsuski, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, o‘z mas’uliyatini unutib, oyog‘i yerdan uzilgan, "Men rahbarman, nima qilsam ham, meniki to‘g‘ri", degan xato fikr bilan g‘o‘dayib yurgan ayrim odamlar ham yo‘q emas. Ularning xizmat vakolatini suiiste’mol qilib, qo‘l ostidagi xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘layotgani, haaqorat qilib, hatto qo‘l ko‘tarayotgani haqida ko‘plab ma’lumotlar kelib tushmoqda.
Bu bizga noma’qul narsa.
Bu illatni yo‘q qilish kerak.
O‘zini yo‘qotib, manmanlikka berilib ketgan bu shaxslar nafaqat o‘z obro‘sini, eng yomoni, unga mansab berib qo‘ygan davlatning unga ishonch bildirgan xalqning obro‘sini to‘kmoqda.
Agar rahbarning o‘zi shunday nojo‘ya ishlarga qo‘l ursa, boshqa xodimlar, ayniqsa, katta umid bilan hayotga kirib kelayotgan beg‘ubor yoshlarimiz ulardan nimani o‘rganadi?
Agar kimdir bunday sharmandali berilgan topshiriq yoki rejani bajarish bilan bog‘lab o‘zini oqlamoqchi bo‘lsa, shuni qulog‘iga yaxshilab quyib olsin: ish yuzasidan talabchanlik qilish boshqa — odamlarning shaxsiga tegish boshqacha narsa.
Qonunlarimizda bunday hatti-harakatlar uchun javobgarlik belgilangani, jazo muqarrar ekanligini hech kimning unutishga haqqi yo‘q", — degan edi prezident.
Mirziyoyev o‘zbek xalqi oriyatli, nomusli xalq ekanini yana bir bor eslatib qo‘yib: "xalq barcha narsaga chidashi mumkin, lekin takror va takror aytaman, adolatsizlik va nohaqlikka aslo chiday olmaydi. Haqiqiy rahbar, haqiqiy yetakchi odamlarning bardoshini sinash uchun emas, balki ularga munosib shart-sharoit yaratib berish, og‘irini yengil qilish uchun rahbar etib tayinlanadi.
Bunday harakatlar davlat siyosatiga, prezident siyosatiga qarshi chiqish deya baholanadi va aybdorlarga, albatta, tegishli jazolar qilinadi", — deya qo‘shimcha qilgan edi.