TOShKENT, 17 sen — Sputnik. Hafta ham yakuniga yetdi. Yetti kun davomida o‘zbekistonliklarni ko‘p va xo‘b ajablantirgan voqealar reytingini e’tiboringizga taqdim etamiz.
Demak, ushbu hafta ko‘pchilik "o‘ho‘" deya qarshi olgan voqealar ro‘yxatiga: O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining endilikda sobiq prezidenti Mirabror Usmonov bayonoti, o‘qituvchilarni kaltaklagan hokim, Sharqning buyuk allomalari nomi bilan ochilayotgan maktablar va Kremlni raqsga tushirgan o‘zbek san’ati o‘rin oldi.
Shov-shuvli oxirgi nutq
Iyul oyida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish, yosh avlodni jismoniy va ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalash ishiga qo‘shgan katta hissasi uchun "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlangan O‘FFning endilikda sobiq prezidenti Mirabror Usmonov federatsiya hisobot-konferensiyasidagi nutqi bilan butun respublika ahlini hayratlantirdi.
O‘z ma’ruzasida "O‘zbekiston terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqishga va’da bermaganman", — deb aytgani uchun Usmonov internet foydalanuvchilari tomonidan keskin tanqid ostiga olindi.
Darvoqe, sal o‘tmay O‘FFning yangi rahbariyati milliy terma jamoa faoliyatini tubdan isloh qilish, futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati saviyasini ko‘tarish, xalq va ishqibozlar bilan muloqot ko‘priklarini yanada ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilayotganini aytib, 10 kun ichida xalqqa bayonot berishga va’da berdi. O‘zbek futboli katta o‘zgarishlar ostonasida turibdi!
"Shapaloqchi hokim" tavba qildi
Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyevning mahalliy maktab direktorlarini haqoratlab shapaloq tushirayotgani aks etgan videolavha shu haftaning eng ko‘p tomosha va muhokama qilingan videoroligiga aylandi.
Aytish joiz, sal o‘tmay, Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev Sayxunobod tumaniga kelib, "shapaloqchi hokim" hamda maktab direktorlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda videorolik qahramoni Egamberdiyev o‘qituvchilardan uzr so‘radi.
Al-Xorazmiylar yana tug‘ilishi mumkin
10 sentabr kuni Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Islom Hamkorlik Tashkilotining fan va texnologiyalar mavzusidagi sammitida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev musulmon dunyosining aksariyat mamlakatlari ayni vaqtda fan va texnologiyalar sohasida ancha ortda qolmoqda, deb ta’kidlab, shu bilan birga islom dunyosi jahon ilm va tamadduniga qo‘shgan hissasi bilan haqli ravishda faxrlanishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan edi.
14 sentabr kuni prezident Mirziyoyevning Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab-internat va o‘z davrining buyuk matematiklaridan biri bo‘lgan Al-Xorazmiy nomidagi maktabni tashkil etish to‘g‘risida qarori ommaga e’lon qilindi.
Kremlni larzaga solgan o‘zbek madaniyati
12 sentabr kuni Rossiyadagi Kreml saroyida O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazildi. Rossiyaliklar birinchi kechadayoq o‘zbek raqsi, kuy-qo‘shiqlari jozibasiga tan berdilar. Farrux Zokirov zalga chiqib, "Choyxona" va "Uch quduq"ni kuylaganida butun Kreml saroyi raqsga tushdi.
Rossiya xalq artisti Yuriy Stoyanovning o‘zbek xalqi haqidagi fikrlari, rossiyalik siyosatchi Aleksey Novotochinovning o‘zbek xalqining urush yillarida mamlakatga keltirilgan 650 ming nafar bolaning birortasini ham bolalar uylariga topshirmasdan o‘z oilalariga qabul qilganligi haqida va bunday saxovatga faqat buyuk xalqgina qodir ekanligi haqidagi so‘zlaridan so‘ng zalda gulduros qarsaklar yangradi. Birgina so‘zlar bilan Kremldagi o‘sha onlardagi kayfiyatni tasvirlash mushkul baribir!