TOShKENT, 13 mar — Sputnik. Endilikda hokimliklar xodimlarining umumiy ish stajiga bog‘liq ravishda ustamalar to‘lanadi, deb xabar bermoqda LexUZ portali.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, ustamalar umumiy ish staji 4-yildan 7-yilgacha bo‘lganida 5%, 7-yildan 10-yilgacha — 10%, 10-yildan 15-yilgacha — 15%, 15-yildan 20-yilgacha — 20%, 20-yildan 25-yilgacha — 25%, 25-yildan ortiq bo‘lganida — 30% miqdorida to‘lanadi.
Mehnat stajini aniqlash uchun mehnat daftarchasi asosiy hujjat hisoblanadi.
Mehnat daftarchasidagi yozuvlar bilan belgilanmagan ish staji Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimlari tomonidan imzolangan ma’lumotnomalar bilan tasdiqlanishi mumkin.
Ustama oylik tarif stavkasidan yoki boshqaruv xodimining lavozim maoshidan kelib chiqib hisoblanadi.