TOShKENT, 13 sen — Sputnik. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi internet tarmog‘i va mahalliy OAVlarda tarqalib ketgan Sirdaryo viloyatidagi tumanlardan birining hokimi maktab direktorlarini kaltaklagani haqidagi xabardan so‘ng tekshiruv ishini nazoratga oldi, deb xabar berdi RIA Novosti Bosh prokuratura vakiliga tayanib.
Internet va mahalliy OAVlarda Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev ekanligi aytilgan shaxs mahalliy maktab direktorlarini haqoratlab shapaloq tushirayotganligi aks etgan videolavha tarqalgandi. Videolavhaga bildirilgan izohlarda, ular Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rishmagani uchun hokim tomonidan "jazolanishgan".
"Sirdaryo viloyat prokuraturasi tomonidan Sayxunobod hokimining hatti-harakatlari haqidagi videomaterialda ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha tekshiruv boshlandi. Tekshiruv jarayonini Bosh prokuratura nazoratga olgan", — dedi agentlik suhbatdoshi.
Uning aytishicha, tekshiruv natijalari haqida qonunda belgilangan muddatda keng ommaga e’lon qilinadi.