TOShKENT, 20 noya – Sputnik. Shakar — bu albatta inson uchun o‘ta muhim oziq-ovqat mahsulotlaridan biri hisoblanadi. Siz uni choy yoki kofe bilan ichmasangiz-da, shakarsiz alkogolli va alkogolsiz ichimliklar, qandolat va non mahsulotlari ishlab chiqarish, meva sabzavotlarni konservatsiya qilishning iloji yo‘q. Shakardan, shuningdek, farmatsevtika sanoatida ham keng foydalaniladi.
Katta miqdorda meva-sabzavotlar yetishtiriladigan O‘zbekistonda, ularni konservatsiya qilish ehtiyoji ham tug‘iladi, albatta. Shu tufayli kuz mavsumida shakarga talab keskin oshadi.
Shakar, xuddi bug‘doy kabi, strategik ahamiyaga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatidan o‘rin olgan. Har qanday mamlakat o‘z shakar sanoati bo‘lishini orzu qiladi. Lekin mamlakatda shakar uchun xom ashyo bo‘lmasa-chi?
Xom-ashyo bazasi
Iqtisodiy nuqtayi nazardan, shakar sanoatini rivojlantirish uchun, birinchi navbatda mamlakatda yetarli va ishonchli xom-ashyo bazasi mavjud bo‘lishi kerak. Ya’ni mamlakatda qand lavlagi yoki shakar-qamish yetishtirilishi kerak.
Dunyo statistikasiga ko‘ra, bugungi kunda shakarning 88% shakar-qamishdan, 12% qand lavlagidan olindi.
Shakar-qamish – asosan ekvatorga yaqin bo‘lgan, tropik iqlimli mamlakatlarda yetishtiriladi. Bu Braziliya, Hindiston, Xitoy, Tailand, Pokiston.
Qand lavlagi esa – asosan Yevropa iqlim sharoitida yetishtiriladi. Uning uchun +8 +20 darajali ob-havo va katta namlik kerak. Bugungi kunda dunyoning yetakchi qand lavlagi ishlab chiqaruvchi davlatlari bu — Fransiya, Rossiya, Germaniya, Ukraina, AQSh va Turkiya.
Qand lavlagi yoki shakar qamish xom-ashyosini bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga olib kelib undan shakar ishlab chiqarish mumkin, lekin buning uchun arzon transport vositasi kerak, masalan – dengiz transporti. Xom-ashyo hajmi olinadigan shakar hajmidan 6-7 baravar ko‘p bo‘ladi. Ikkinchidan qand lavlagi ham shakar qamish ham o‘simlik xom-ashyosi bo‘lib, ular ma’lum haroratda saqlanishi kerak va ularning muddati ham cheklangan.
Ishlab chiqarish
Dastlab, quyidagi videolavha bilan tanishaylik. Undan shakar ishlab chiqarish jarayoni Belorussiyadagi yirik shakar zavodi misolida ko‘rsatilgan.
Shakar ishlab chiqarish – katta miqdorda elektr energiyasi, issiqlik energiyasi (gaz yoki ko‘mir) hamda suv resurslari talab qiladigan jarayon. Undan tashqari shakar zavodlari – mavsumiy ishlaydigan korxona. Ya’ni, shakar zavodlari yilning 4 oyida shakar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanar ekan xolos. Chunki qand lavlagi hosilini saqlash muddati aynan shuncha ekan.
Sobiq Ittifoq hududida eng katta qand lavlagi hosili Gruziya va Ukrainada olingan ekan. Undan tashqari SSSR katta miqdorda shakarni Kubadan sotib olgani ham ma’lum.
Rossiyada oxirgi bir necha yil davomida shakar sanoati keskin rivojlanib bormoqda. 2008-yilda 29,1 mln tonna qand lavlagi yetishtirilgan bo‘lsa, 2011-yilda — 46,2 mln tonna, 2016-yilda esa qand lavlagi hosili 48,3 mln. tonnani tashkil qildi. Rossiya 2011-yildan boshlab katta miqdorda shakar eksport qila boshladi, jumladan O‘zbekistonga ham.
O‘zbekistonda yillik shakar iste’moli miqdori odam boshiga 19 kgdan to‘g‘ri kelar ekan. Bugungi kunda O‘zbekistonda ikkita shakar zavodi ishlamoqda: “Xorazm-shakar” va “Angren-shakar”. Ularning umumiy ishlab chiqarish quvvati yiliga 700 ming tonnani tashkil qilsa-da, xom-ashyo yetishmovchiligi tufayli zavodlar to‘liq quvvat bilan ishlamayapti. Shu sababli O‘zbekistonga qo‘shimcha shakar importi kerak.
Dunyo tajribasi va statistika
Dunyoda eng yirik shakar xom-ashyosi yetishtiruvchi mamlakatlar (mln.t) Braziliya – 734, Hindiston – 342, Xitoy – 115, Tailand – 95, Pokiston – 55, Meksika – 49, Fillipin – 34 va AQSh – 26.
Eng yirik shakar eksporterlari ham (mln.t): Braziliya – 35, Hindiston – 27, YeI – 13.8, Tailand – 11.5, Xitoy– 9.8, AQSh – 7.4, Meksika – 6, Pokiston – 5.2, Rossiya – 5.2 va Avstraliya – 4.8.
Bundan ko‘rinib turibdiki, shakar xom ashyosi yetishtiruvchi va shakar eksport qiluvchi mamlakatlar ro‘yxati deyarli bir xil. Ya’ni jahon tajribasi shakarni uning xom ashyosi yetishtiriladigan mamlakatda ishlab chiqarishni tasdiqlaydi. Xom-ashyoni bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga tashib u yerda shakar ishlab chiqarish, aksariyat hollarda, iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydi va xom-ashyo yetkizib berish kafolati ham kam.
Dunyo iqtisodi rivojlanishining asosiy tamoiyili bo‘lgan xalqaro mehnat taqsimoti ham aynan shuni tasdiqlaydi. Har bir mamlakat o‘zining jug‘rofiy, tabiiy va boshqa imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, iqtisodning eng samarali sohalarni rivojlantirishi kerak.
Materialni tayyorlashda ISO.org, Wikipedia, sugar.ru kabi ochiq manbaalardan foydalanildi.