Mana, nihoyat "Oltin davrim" milliy serialining takroriy namoyishi ham yakuniga yetdi. Endi ko‘ngilda yig‘ilib qolgan ayrim fikr-mulohazalarni bayon etsak ham bo‘ladi. Ha-da, 63 qismlik serialga bir ko‘rishning o‘zidayoq baho berish noxolislikka olib kelishi mumkin edi.
Shu paytgacha "Kaminaning oilasi", "Jiblajibon", "Qaynona-kelin"ga o‘xshash anchayin siyqa, nosamimiy hajviy seriallardan keyin bu asar komediya janriga o‘zgacha joziba va yo‘nalish olib kirdi. Hajviy serial — kitobiy, sovuq, hissiz yoki bachkana so‘zlar, artistlarning masxaraboznikiga o‘xshash qiliqlari va haddan ortiq cho‘zilgan tanqidbop voqeadan iborat degan qarashga, dogmaga chek qo‘ydi.
"Oltin davrim"gacha voqeaning o‘zi kulgili yoki tanqidiy bo‘lsa bas, o‘tkir hazillar, hozirjavoblik esa qiziqchilarning chiqishlarida, QVZda bo‘ladi, deb hisoblashardi. "Oltin davrim" bu qarashga chek qo‘ydi — voqealar qiziq va kulgili, ular atrofidagi gap-so‘zlar, dialoglar yanada qiziqarli, o‘tkir, kutilmagan. O‘zbek milliy serialchiligida hali bunaqasi bo‘lmagan.
Yoshlar mavzusiga bag‘ishlangan "Hayot jilg‘alari", "Chempionlik orzusi" kabi asarlardan farqli o‘laroq, "Oltin davrim" yoshlarga juda yaqin, ularning tashvish-o‘ylarini samimiy aks ettirgan, aqlli narsalar haqida aytiladi, lekin aqllilik qilib, tomoshabining jig‘iga tegmaydi.
Eng asosiysi, ushbu asarda boshqa barcha seriallarda uchraydigan va tomoshabinning jig‘iga tegadigan — vaqtni atay cho‘zish, qahramonlarning behuda va ortiqcha o‘y-xayollar surishi, u yondan bu yonga maqsadsiz, sandiroqlab yurishi kabi lavhalar umuman yo‘q. Asar jo‘shqin va shiddatli kechadi.
"Oldin davrim"da ilk bor birovlarni tanqid qilmay, ustidan kulmay, ilm-fan, qiziqishlar yo‘nalishida ham kulgili asar ishlash mumkinligi isbotlandi.
Bir so‘z bilan aytganda "Oldin davrim", agar ulkan yuki xalaqit bermasa (tarix ulkan narsalarni ortmoqlab yurishni yoqtirmaydi), bora-bora balki klassik hajviy asarlar qatoridan joy olar.
Har to‘kisda bir ayb, ushbu serialning yutuqlariga qaramay, xatolari ham g‘ij-g‘ij.
Avvalo, mutaxassislarimizda bu darajadagi katta loyihalar bilan ishlashda tajriba yetmasligi ko‘zga tashlangan.
Bundan tashqari, o‘sha qismda O‘tabek televizor ko‘rib, imtihon topshirishi lozim. Holbuki u falsafa fakultetida o‘qiydi. Televizor ko‘rib, imtihonni jurnalistikada o‘qiydigan Musa topshirishi mumkin aslida.
O‘sha joyda Nosir aka O‘tabekning otasiga qo‘ng‘iroq qilib, uni Toshkentga chaqiradi. Bir safar falsafadan aza bo‘p turganini eshitib, Toshkentga jo‘nab qolgan, har ikki gapning birida poytaxtga bormoqchi bo‘laveradigan, o‘g‘lining o‘qishi uchun jon kuydiradigan Norbo‘ta aka bu safar o‘ziga xos bo‘lmagan holatda, to‘satdan "bormayman" deydi.
Xuddi shu vaziyatda negadir Olmos otasi kelmayotganini o‘ylab, tashvishga tushadi.
Bundan tashqari, yodingizda bo‘lsa, kim ko‘rkamligini aniqlash musobaqasida aynan Musa ishtirok etmaydi. Biroq keyingi qismlarda tanlovni tashkillashtirgani va unda ishtirok etgani uchun hamma Musani ayblaydi. Nega?!
Mazkur holatlar nazarimizda chuqur o‘ylanib, mulohaza qilinib asar sujeti doirasida, unga xizmat qilish uchun topilgan voqealar emas, balki, ushbu qism lavhalarini suratga olish vaqtida Musa rolini ijro etayotgan aktor (Shahboz Boboqulov) yo ta’tilga chiqqan yoki to‘y-po‘yga javob so‘rab ketvorgan. Uning rolidagi gap-so‘zlar, harakatlar tomoshabinni mensimagan holda unga-bunga bo‘lib berilgan. Har holda, ushbu voqealardagi chalkashliklardan shunday xulosa chiqarish mumkin.
Pavilonda va tabiatda suratga olingan ko‘plab lavhalarda ham uyg‘unlik yo‘q. Ayniqsa, birinchi mavsumida. Xonada Musa sochi o‘sgan, biroz ulg‘aygan yigit, chopib ko‘chaga chiqishi bilan sochi kaltarib, yosh bolaga aylanib qoladi. Kiyimlari ham birdan o‘zgaradi.
Alisher qishloqqa borganda oiladagilari bazm qilib, negadir raqsga tushadi. O‘zbekning oilasida qarindosh-urug‘lar yig‘ilganda raqsga tushishadimi? Buning ustiga qishloqda. Hayotda uchramaydigan narsa-hodisani kinoda ko‘rsatishni to‘xtatsak filmlarimiz hayotiyroq chiqarmidi?
Chexovning devorda osilgan miltiqning albatta otilishi to‘g‘risidagi o‘gitiga amal qilinmagan holatlar ham bor.
Masalan, Toyir bir-necha qismda velosiped ko‘tarib yuradi.
Bunga alohida urg‘u beriladi. Shungacha nimagadir urg‘u berilsa, keyingi qismlarda u bilan bog‘liq voqea yuz berardi. Velosiped bilan esa bunday bo‘lmadi. U shu holicha, ustiga bo‘z yopilgancha serial oxirigacha xonada turaverdi, hech bir vazifani bajarmadi.
Mantiqan xulosa qilsak, "nima" so‘zining ko‘p ishlatishi sababi shundaki, u tez gapirishi lozim. Aqli tilining ortidan har doim ham ulgurib borolmaydi. Shuning uchun shoshilib har qanday so‘zning o‘rniga "nima" so‘zini qo‘yib ketaveradi. U bir umr shoshib yashaydigan odam. Nazarimizda obrazga shunday baho berilishi va shunga asosan tez gapiradigan, biroz shoshqaloq aktor tanlanishi lozim edi. Bu holda esa domla qup quruq ahmoqqa chiqib qolgan.
Ushbu holatdan yana bir xulosa: qiziqchilarning kinoda obraz yaratishlari qiyin, chamasi. Ular tomoshalarda bir xilda o‘ynayverib, qolipga tushib qolgan. Obrazga kirisholmaydi. Qiziqchilar ijro etgan aksariyat rollarga e’tibor qaratsangiz, shunga guvoh bo‘lasiz.
Lekin, Mirza Azizov va Boir Xomirzayevlar yaratgan obrazlar o‘ziga xos va jonli chiqqan. Tohir Saidovgayam serial davomida ko‘nikishga ulgurasiz.
"Shu akamga shu yangam ham bo‘laveradi", deydi xalqimiz. Teleserialchilarning ham shunga o‘xshash fikrdaligi kishini biroz asabiylashtiradi. Yuqorida aytilgan va aytilmagan xatolar teleserial ijodkorlarining tomoshabinlar fikriga e’tiborsizligini ko‘rsatadi.
Ha, xatolar ko‘p. Ular faqat ish yo‘q joyda bo‘lmasligi mumkin. Maqsad esa, ularni imkon qadar kamaytirish.
Shunga qaramay, serialning yutuqlarini yana bir bor tan olish lozim. U haqiqiy talabalik romantikasini yaratgan, yoshlarning ko‘nglida entikish, orzu-o‘ylar uyg‘otgan asar. Eng asosiysi, bachkanalik, masxarabozlik qilmay, milliy o‘ziga xoslik, mentalitet doirasidan chiqmay kulgili asar yaratish mumkinligi isbotlandi.