TOShKENT, 25 avg — Sputnik. O‘zbekistonlik Anvar Madraimov Amerika Qo‘shma Shtatlarining Kaliforniya shtatida o‘tkazilgan qisqa metrajli filmlar festivalida g‘olib, deb topildi, deb xabar qilindi O‘zbekiston Hukumat portalida.
Anvarning drama janrida suratga olgan qisqa metrajli filmida farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotgan ayol taqdiri, uning yangi hayot qurishga intilishi yo‘lida duch kelayotgan holatlar, oilaviy hayot bilan bog‘liq ijtimoiy masalalar haqida hikoya qilinadi.
"O‘zbekkino" Milliy agentligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, A.Madraimov 22 yoshda bo‘lib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ta’lim olgan. Hozirgi kunda Los-Anjeles shahridagi Nyu York kinoakademiyasining ("New York Film Academy") kinematografiya fakultetida o‘qishini davom ettirmoqda.
Anvar qator qisqa metrajli badiiy va hujjatli filmlar rejissoridir. U to‘liq metrajli badiiy film suratga olish sirlarini o‘rganmoqda.