TOShKENT, 21 sen — Sputnik. Rejissor Zulfiqor Musoqov suratga olayotgan "Berlin-Oqqo‘rg‘on" filmi "O‘zbekkino" Milliy agentligi tomonidan vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda rejissor ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Musoqovning yozishicha, "O‘zbekkino" Milliy agentligi 14-sentabr kuni "O‘zbekfilm" kinostudiyasiga shu yil suratga olina boshlangan bir nechta badiiy filmlar ustida ishlashni 2018-yilning yanvar oyigacha vaqtincha to‘xtatib turishni tavsiya etgan.
Vaqtincha to‘xtatilgan filmlar orasida "Berlin-Oqqo‘rg‘on" kartinasi ham bor.
Rejissor buning sababini moliyaviy muammolar, deb qayd etgan.
"Shu kunlargacha ijodiy guruh tayyorgarlik ishlarining juda katta foizini amalga oshirgan edi. Baribir oyliksiz bo‘lsa ham biz ishlayapmiz… Niyatimiz xolis, Xudo xohlasa, 2018-yilda film ustida ishlar boshlanib, kuzda tomoshabinlarga taqdim etamiz", — deb yozadi Zulfiqor Musoqov.
Ilgariroq rejissor filmda 1930-yildan boshlanib 1939-, 1942-yillar aks etganligini, unda Stalin, Gitler, Cherchil, Gess, Ribbentrop, Molotov va o‘zbek qahramonlari obrazi yaratilganligini bildirgan hamda ushbu yil yakuniga film tayyor bo‘lishini aytgandi.
Zulfiqor Musoqov 1958-yilda 19-yanvarda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1981-yilda Aleksandr Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va san’at institutini rejesura fakultetini, 1989-yilda ssenariychilar va rejissorlar oliy kurslari rejissura fakultetini tamomlagan. 2006-yil 25-avgustda "O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi" faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Ijodkorning ko‘plab filmlari o‘zbek kinochiligining yutug‘idir.