TOShKENT, 7 noya — Sputnik. O‘zbek xalqining buyuk farzandi, atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi va benazir inson Sharof Rashidov 1917-yilning 6-noyabrida Jizzax shahrida tavallud topgan.
Kuni kecha Sharof Rashidovning 100-yilligi butun O‘zbekistonda keng nishonlandi.
So‘ng O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov bosib o‘tgan murakkab hayot yo‘li haqida nutq so‘zladi.
"Sharof Rashidov o‘zining noyob aql-zakovati, boy bilim va tajribasi, mehnatsevarligi va kamtarligi, yuksak insoniy fazilatlari bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki uzoq-yaqin o‘lkalarda ham katta obro‘-e’tibor qozonganligini ta’kidlab o‘tdi.
Bu ulug‘ inson, sobiq mustabid tuzum davrida turli tazyiq va sinovlarga bardosh berib, xalqimiz va millatimizga sadoqat bilan, halol va fidokorona xizmat qildi.
Umrining so‘nggi daqiqalarida ham dalaga borib, zahmatkash o‘zbek dehqonlari orasida bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz.
Sharof Rashidov oddiy xalq orasidan chiqqan, haqiqiy yurtparvar rahbar edi.
Ming afsuski, hayot bu insonga shunday murakkab qismatni ravo ko‘rdiki, u yuragidagi barcha orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish, o‘z mehnatining hosilidan to‘la bahramand bo‘lish imkoniga ega bo‘lmadi.
Sharof Rashidov vafot etishi bilan uning xotirasini xo‘rlab, qabrini ko‘chirdilar, oila a’zolari, qarindosh-urug‘larini, do‘stlari va shogirdlarini quvg‘in qildilar. "Paxta ishi", "O‘zbek ishi", "Rashidovchilik" degan bo‘hton gaplar bilan u kishining aziz nomini, butun xalqimizni yomonotliq qildilar.
Faqatgina mustaqillik davriga kelib, Birinchi Prezident Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan tarixiy adolat tiklandi — Sharof Rashidovning pok nomi oqlandi va 75-yillik tavallud sanasi yurtimizda keng nishonlandi.
Biz bugun yaqin tariximizda bo‘lgan ana shunday ayanchli voqealarni eslar ekanmiz, mustaqilligimizning qadr-qimmatini yanada teran anglab yetishimiz, uni har qanday yovuz kuchlardan himoya qilishga doimo tayyor turishimiz shart.
Sharof Rashidov respublika rahbari sifatida zimmasidagi ulkan vazifalarga qaramasdan, o‘zi butun borlig‘i bilan sevgan adabiyotga hamisha sodiq qoldi.
U o‘zining betakror iste’dodi bilan ezgu qadriyatlarni tarannum etgan roman va qissalar, she’r va dostonlar, publitsistik maqolalar yaratdi.
Sharof Rashidovning "Ikki dil dostoni" degan go‘zal asarini hammamiz sevib o‘qiganmiz. Mening nazarimda, chinakam sevgi va sadoqat dostoni bo‘lmish bu asarda Sharof aka va u kishining mehribon rafiqasi, oqila va munis o‘zbek ayoli Xursanoy opaning ibratli hayoti va taqdiri mujassam bo‘lgandek tuyuladi.
Haqiqatan ham, bu matonatli ayol umr bo‘yi Sharof Rashidov bilan hamnafas bo‘lib, hayotning barcha sinovlariga bardosh berib, eng og‘ir damlarda ham umr yo‘ldoshiga sodiq bo‘lib yashadi. Bunday bebaho fazilatlari bilan bu mushtipar opamiz xalqimiz o‘rtasida chinakam vafo va sadoqat timsoliga aylandi.
Shu o‘rinda yana bir masalaga alohida to‘xtalib o‘tishni o‘rinli, deb bilaman: Sharof aka va Xursanoy opaning bergan ta’lim va tarbiyasi, shaxsiy namunasi tufayli ularning oilasi, farzandlari o‘z ota-onalariga munosib bo‘lib, el-yurtga fidoiyligi bilan bu qutlug‘ xonadon nomini doimo pok saqlab kelmoqda. Bunday xislatlar ko‘p millatli xalqimiz, yurtimizdagi barcha oilalar uchun har tomonlama o‘rnak va ibratga loyiq bo‘lgan ma’naviy hodisadir.
Qadrli vatandoshlar!
Hurmatli mehmonlar!
Sharof Rashidovning murakkab, shu bilan birga, sharafli hayot yo‘lida o‘zbek xalqining XX asrdagi taqdiri o‘zining yorqin ifodasini topdi.
Ulug‘ Vatan urushi boshlanishi bilan u birinchilar qatorida frontga otlandi va dushman bilan kurashda haqiqiy mardlik va qahramonlik ko‘rsatdi. Og‘ir yaralanganidan so‘ng O‘zbekistonga qaytib, bor kuch va g‘ayratini ayamasdan, turli lavozimlarda ishladi.
Sharof Rashidov o‘ta mashaqqatli yillarda O‘zbekistonga qariyb chorak asr davomida rahbarlik qildi. Uning rahnamoligida respublikamiz iqtisodiy taraqqiyot, ilm-fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at sohalarida ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi.
Minglab gektar qarovsiz yerlar o‘zlashtirildi. O‘zbekiston xaritasida yangi shahar va qishloqlar paydo bo‘ldi, yuzlab zavod va fabrikalar qurildi, bog‘u rog‘lar barpo etildi. 1966-yildagi ko‘plab vayronagarchiliklar keltirgan zilziladan so‘ng qisqa muddatda zamonaviy Toshkentning mustahkam poydevori yaratildi.
Bugungi marosimda mamlakatimizning barcha hududlaridan Sharof Rashidov bilan uzoq yillar davomida birga ishlagan vakillar ishtirok etayotgani bu tadbirga alohida ruh va ma’no-mazmun bag‘ishlamoqda. Ularning orasida atoqli davlat va jamoat arboblari, olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari borligini ta’kidlash lozim.
Bular uchuvchi-kosmonavtlar — vatandoshimiz Vladimir Jonibekov va Solijon Sharipov, taniqli seleksioner olim Ivan Kuzmin, Sharof Rashidov haqidagi qator kitoblar muallifi, yozuvchi Farhod Razzoqov va boshqalardir.
Qadrli mehmonlar, Sharof Rashidovning xotirasiga bo‘lgan hurmat va ehtiromingizni biz avvalo butun O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan hurmat va ehtirom ifodasi sifatida qabul qilamiz.
Barchangizga samimiy minnatdorlik bildirib, chin qalbimdan mustahkam sog‘lik, baxt va omad tilayman".