TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. Jizzaxdagi Sharof Rashidov tumani hokimligi binosi oldida Sharof Rashidov bustining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Jizzax viloyat hokimligi.
Tadbirda shuningdek, viloyat hokimi Ulug‘bek Uzoqov hamda Sharof Rashidovning katta farzandi, kimogar olima, O‘zbekiston fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Sayyora Rashidova hamda uning yaqin qarindoshlari, viloyat va tuman jamoatchiligi vakillari ishtirok etgan.
Tadbir avvalida Sharof Rashidov tumani hokimligi binosi oldida tantanali ravishda Sharof Rashidov bustining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir qatnashchilari buyuk adib yodgorligiga o‘zlarining cheksiz hurmatlarini namoyish etdilar va bust poyiga gullar qo‘yishdi.
Shundan so‘ng tuman hokimligi katta majlislar zalida Ma’naviyat targ‘ibot markazi tashabbusi bilan qator taniqli yozuvchi ijodkorlar ishtirokida ilmiy amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ushbu qarorga asosan taniqli davlat va jamoat arbobining 100-yilligi O‘zbekistonda keng nishonlanadi. Uning nomini abadiylashtirish yuzasidan respublikada, shu bilan birga Jizzax viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan Mirziyoyev qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyat hokimligi tomonidan maxsus chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Unga ko‘ra Sharof Rashidov xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha juda katta tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, Jizzax shahrida Sharof Rashidov xotirasiga bag’ishlangan yodgorlik majmuasi barpo etilmoqda.
Sharof Rashidov hayoti va ijodiy faoliyati bilan xalqimiz ayniqsa yosh avlodni yaqindan tanishtirish maqsadida uning memorial uy muzeyi qaytadan ta’mirlanmoqda.
Sh.Rashidov sharafiga Jizzax shahri markazida haykal va ijod bog‘i barpo etilmoqda. Adib tug‘ilib o‘sgan Jizzax tumaniga uning nomi berilgan.
Jizzax viloyatidagi barcha ta’lim muassasalarda, mahalla, korxona va tashkilotlarda Sharof Rashidovning hayot yo‘li, boy ijod namunasi asosida "Sharof Rashidovning O‘zbekiston tarixida tutgan o‘rni", "Sharof Rashidov — murakkab va mashaqqatli davrning buyuk farzandi" mavzularida "Xotira soati" hamda Sharof Rashidov bilan bir davrda yashagan va uning faoliyatini yaqindan bilgan keksalar, madaniyat va san’at namoyondalari olim va ziyolilar hamda shoir — yozuvchilar ishtirokida davra suhbatlari, uchrashuvlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Viloyat musiqali drama teatrida Sharof Rashidovning "Kashmir qo‘shig‘i" asarini sahnalashtirish ishlari olib borilmoqda.