TOShKENT, 28 mar – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Ushbu qaror atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning yorqin xotirasini ulug‘lash hamda tavalludining100-yilligini munosib nishonlash maqsadida qabul qilingan.
“Respublikamizni juda murakkab va og‘ir yillarda boshqarib, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning yorqin xotirasini ulug‘lash hamda tavalludining100-yilligini munosib nishonlash maqsadida”, — deyilgan qaror matnida.
Xususan, Oliy Majlis Senatining qaroriga muvofiq Jizzax viloyatining Jizzax tumaniga Sharof Rashidov nomi beriladi va u yerda uning xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi va haykali quriladi. Shuningdek, yosh avlodni Sharof Rashidovning hayoti bilan yaqindan tanishtirish uchun Jizzax shahrida uning memorial uy-muzeyini tashkil etish va muzey hududini obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, Sharof Rashidovning hayoti va ijtimoiy-ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratiladi. 2017-yil noyabr oyining birinchi o‘n kunligida Jizzax va Toshkent shaharlarida Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasini o‘tkaziladi.
Sharof Rashidovning 100-yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlar O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa OAVlar tomonidan keng yoritib boriladi.
Taniqli adib, yirik davlat arbobi Sharof Rashidov 1917-yilning 6-noyabrida Jizzax shahrida, dehqon oilasida tavallud topgan.
1941 yilda Samarqand Davlat universitetini tugatib muallim va muxbir sifatida faoliyatini boshlagan. 1941-1942 yillarda urushda qatnashadi. 1950-1959 yillarda O‘zbekiston Oliy Kengashi rayosatining raisi, 1959-1983 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasi markazqo‘mining birinchi kotibi bo‘lib ishlaydi. Sharof Rashidov 1983-yilning kuzida vafot etgan.
Sharof Rashidov qobiliyatli boshqaruvchilikdan tashqari o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan yozuvchisi ham bo‘lgan. Adibning «G‘oliblar», «Bo‘rondan kuchli», «Qudratli to‘lqin» «Kashmir qo‘shig‘i» kabi asarlarida o‘zbek xalqining urushdan keyingi tiklanish yillaridagi mehnat jasorati badiiy ifodasini topgan.