TOShKENT, 27 okt — Sputnik. Jasur Ibrohimov o‘limida ayblanib, qamoqqa olingan Islombek To‘laganov 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida himoya nutqini so‘zlar ekan, o‘z advokatlari tomonidan aytilgan barcha gaplarga to‘liq qo‘shilishini ma’lum qildi deb xabar berdi sud zalida bo‘lgan Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Sudya Islombek To‘laganovga himoya nutqini so‘zlash huquqini berdi.
Islom To‘laganov himoya nutqida advokatlari tomonidan aytilgan hamma fikrlarga qo‘shilishini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng ayblanuvchiga so‘nggi so‘z berildi.
"Agar Jasurbekka nisbatan qasdim bo‘lganida, men unga o‘qishning ichidayoq qo‘l ko‘targan bo‘lardim. Men unga javob qaytarardim. Meni ota-onam "Hech kimni hafa qilma, urishma" deb, "Kattalarga izzatda, kichkinalarga hurmatda bo‘l" deb tarbiya bergan.
Men ularning maslahatlariga quloq solganman. 3-may kuni bo‘lib o‘tgan voqeadan judayam qattiq pushaymonman, afsusdaman.
Bo‘lib o‘tgan voqeadan keyin o‘zimni hech ham kechirolmayman. Hurmatli raislik etuvchi, hurmatli xalq maslahatchilari.
Men ekspertiza xulosasi bilan yaxshi tanishib chiqqanman.
Hurmatli raislik etuvchi, xalq maslahatchilari!
Menga jazo tayinlashda, Jasurbekka nisbatan qasdim bo‘lmaganini, fojia bo‘lishini o‘ylamaganim, yoshimni, ilgari sudlanmaganimni inobatga olib, adolatli jazo tayinlashlaringizga ishonaman", — deb o‘z so‘ziga yakun yasadi To‘laganov.
Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi dushanba, 30-oktabr kuni e’lon qilinadi.
Ushbu jinoiy ish yuzasidan davlat ayblovchisi Baxtiyor Akromov Ibrohimovning o‘limida ayblanayotgan Islombek To‘laganovni O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 104-moddasi 3 qismi "d" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, Jinoyat Kodeksining 85-moddasiga asosan unga olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlab, tayinlangan jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tashni belgilashini so‘ragan.