Samarqand "zarbdor bir oylik" e’lon qildi

© Sputnik / Aleksey Kudenko / Mediabankka o‘tishSborshiki xlopka na pole
Sborshiki xlopka na pole - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Samarqand viloyati "zarbdor bir oylik" e’lon qildi. "Kasbi, yoshi, turar joyidan qat’i nazar, viloyatda yashovchi har bir mehnatga layoqatli fuqaro zarbdor oylik davomida o‘zini paxtakor deb bilib, etak bog‘lab, dalaga chiqsin, oila a’zolari, tanish-bilishlarini o‘zi bilan birga ergashtirsin" - deyiladi "Zarafshon" gazetasida e’lon qilingan murojaatda

TOShKENT, 19 okt — Sputnik. Samarqand viloyati sharnomaviy rejaning 85%dan ortig‘ini bajargan bo‘lishigia qaramay, mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, viloyat dalalarida yana 60 ming tonnadan ziyod paxta hosili mavjud, deb xabar qildi "Zarafshon" nashri.

Nashr shu boisdan samarqandliklarni "zarbdor bir oylik"da ishtirok etishga chorlamoqda.

Sbor xlopka - Sputnik O‘zbekiston
"Dim zo‘r": O‘zbekistonda paxta rejasini birinchi bo‘lib Xorazm viloyati bajardi
"Qadrli yurtdoshlar!

Mamlakatimizda paxta xirmonining taqdiri hal bo‘ladigan palla keldi. Hosil dehqonlar, qishloq ahli, tuman markazlari va shaharlardagi uyushmagan aholi yordamida terib olinmoqda. Xizmat haqining har kuni naqd pulda berilishi, yashash sharoiti yaratilgani bois ko‘plab yurtdoshlarimiz ongli ravishda etak bog‘lab, dalaga chiqmoqdalar.

Biroq hosilning mo‘l-ko‘lligi, qolaversa, ob-havoning tez-tez o‘zgarib turishi katta mehnat evaziga yetishtirilgan xomashoni tezroq yig‘ishtirib olishni taqozo etmoqda. Bunday paytda mehnatga yaroqli har bir fuqaroning paxta terimiga chiqishi xirmon taqdirini hal qiladi. Aynan shuning uchun ham biz viloyat ahliga murojaat qilishni lozim topdik.

Bizda paxta taqdirini faqat dehqon zimmasiga yuklab qo‘yish munosabati yo‘q emas. To‘g‘ri, uni dehqon ekadi, yetishtiradi va sotadi. Lekin ushbu hosil ne’matlaridan barchamiz foydalanamiz. Ustimizdagi libosdan tortib, taomga solinadigan yog‘, chorva mollariga beriladigan vitaminga boy ozuqa ham shu xomashodan olinadi. Paxtani qayta ishlovchi korxonalarda o‘zimizning farzandlarimiz ishlaydi. Paxta milliy boyligimiz, deganda ana shu omillar nazarda tutilishini esdan chiqarmaylik.

Goroda Mira. Tashkent - Sputnik O‘zbekiston
Vatan va vatanparvarlar haqida
Har qanday holatda ham paxta eng maqbul sanoat xomashosi hisoblanadi. Paxta va undan qayta ishlangan mahsulotlarni sotishdan tushadigan mablag‘ mamlakat qishloq xo‘jaligidan keladigan yalpi valyuta fondining katta qismini tashkil etadi. Shu sababli davlatimiz rahbarining tashabbusi va bevosita harakati bilan bu borada keskin o‘zgarishlar qilinmoqda. Iqtisodiy munosabatlarda tartib o‘rnatish, fermer mas’uliyatini oshirish, paxtaning yangi, ilg‘or navlarini yaratish, mashina terimi salmog‘ini ko‘paytirish, xizmatga haq to‘lash tizimini takomillashtirish kabi choralar ko‘rilmoqda.

Viloyatimizda joriy yilda 85 ming 500 gektar maydonda paxta hosili yetishtirildi. Shartnomaviy rejaning 85 foizdan ko‘prog‘i bajarildi. Ammo mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, viloyatimiz dalalarida yana 60 ming tonnadan ziyod paxta hosili mavjud. Uning uchdan bir qismi, ya’ni 20 ming tonnasi sifatli tola degani. Bir tonna o‘zbek paxta tolasining bugungi jahon bozoridagi o‘rtacha narxi 1 ming 800 dollarni tashkil etmoqda. Demak, dalalarimizda hali qariyb 36 million dollarga teng paxta xomashosi mavjud. Bundan tashqari, shu miqdordagi tolani qayta ishlash orqali xazinamizga 28 milliard so‘mlik ip-kalava va 421 milliard so‘mlik gazlamadan mablag‘ kelib tushishi mumkin. Shu miqdordagi hosildan 5,4 ming tonna yog‘, 28,8 ming tonna chorva mollari uchun ozuqa-yem olinadi. Bu davlatimiz budjetiga qo‘shimcha daromad olib keladi. Natijada yangi maktablar, bolalar bog‘chalari, yo‘llar quriladi.

Endi har birimiz o‘ylab ko‘raylik. Shuncha boylikni o‘z holiga tashlab qo‘yish xalq rizqini uvol qilish emasmi? Shunday mas’uliyatli pallada barcha yukni dehqon zimmasiga tashlab qo‘yish insofdanmi?

Muqaddas dinimizda isrof qattiq qoralangan. Kim shunga amal qilsa, ne’matlarni qadrlasa, nest-nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasa, Allohning ne’matlarini tan olgan va U zotga shukr qilgan bo‘ladi. O‘z navbatida, Alloh taolo bunday bandaga ne’matlarini bardavom qiladi.

Yana bir gap. Shuncha hosilni yetishtirish uchun mehnatdan tashqari katta mablag‘ sarflangan. Bu yilgi paxta xomashosini yetishtirish uchun 345 milliard so‘mlik xarajat qilinib, shundan mineral o‘g‘itlarga 57 milliard so‘m, yoqilg‘i-moylash materiallariga 55 milliard so‘m, ish haqiga 152 milliard so‘m hamda agrotexnik tadbirlar uchun 34 milliard so‘m sarflangan.

Bu xarajatlar qoplanishi, o‘z joyiga qo‘yilishi va nihoyat, qo‘shimcha daromad olinishi lozim. Aks holda tizimdagi moliyaviy muammolar ko‘plab sohalarga, hatto aholining yashash darajasiga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Uborka xlopchatnika - Sputnik O‘zbekiston
Paxta eksporti bo‘yicha davlat monopoliyasi tarqatib yuboriladi
Respublika jamoatchiligining, xususan, ijodkor ziyolilarning paxta yig‘im-terimida "Zarbdor 30 kunlik" e’lon qilishi, uyushmagan aholini bu savobli ishga da’vat etish tashabbusiga biz ham chin dildan qo‘shilamiz.

Samarqand ziyolilari, nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari, ijodkorlar, san’atkorlar bugundan e’tiboran qishloq ahliga yordamga chiqish bo‘yicha tashabbus bilan chiqmoqdamiz.

Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning viloyatimizga ko‘rsatayotgan e’tiborini ko‘rib turibmiz. U kishining tashabbusi bilan kiritilayotgan investitsiya loyihalari hayotimizning farovon bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Bunga javoban bizning bu islohotlarda faol ishtirok etishimiz ham farz, ham qarz deb hisoblaymiz.

Kasbi, yoshi, turar joyidan qat’i nazar, viloyatda yashovchi har bir mehnatga layoqatli fuqaro zarbdor oylik davomida o‘zini paxtakor deb bilib, etak bog‘lab, dalaga chiqsin, oila a’zolari, tanish-bilishlarini o‘zi bilan birga ergashtirsin.

Misol uchun, agar oiladan uch kishi bir kunda 10 kilogramdan paxta terib bersa, bu ham dehqonga madad. Sizga o‘xshagan oiladan 50 ta, 100 ta chiqsa-chi? Yoki 10 kilogramm emas, 30-70 kilogramdan paxta tersak-chi? Ko‘rapsizmi, ishtiyoq va hafsala hosilni qisqa muddatda yig‘ishtirib olishga ko‘maklashadi. Qolaversa, xalqimiz hashar degan ulug‘ udum orqali yurt uchun zarur bo‘lgan ulug‘vor ishlarni ham uddalashgan. "Hashar — elga yarashar" deb bejiz aytishmagan.

Hozirgi sharoitda huzur-halovatdan voz kechib, ayrim tadbirlarni to‘xtatib turish millatimizga xos yuksak fazilat ekanini unutmaylik. Shu bois, ertadan ommaviy hashar uyushtiraylik. Negaki, shu yo‘l bilangina ko‘zlagan niyatimizga yetamiz.

Hurmatli samarqandliklar!

Hamma paxta yig‘im-terimi uchun e’lon qilingan zarbdor oylikka!

Qalb amri bilan bildirilayotgan ushbu murojaatimiz viloyat ahli tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga albatta, ishonamiz", — deyiladi nashrda e’lon qilingan murojaatda.

Yangiliklar lentasi
0