TOShKENT, 12 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 10-11 oktabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi.
Sammit doirasida Shavkat Mirziyoyevning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Kengash majlisida MDHga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlarining Oila instituti va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bayonoti, Hamdo‘stlikda 2019-yilni Kitob yili, 2020-yilni 1941-1945 yillardagi ulug‘ Vatan urushida qozonilgan g‘alabaning 75-yilligi yili, deb e’lon qilish haqida qaror qabul qilindi.
Hamdo‘stlik mamlakatlarining jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizm va qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohalaridagi hamkorligiga doir konsepsiyalar ma’qullandi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
MDHga raislik qiladigan navbatdagi mamlakat masalasi ko‘rib chiqildi. Umumiy qarorga muvofiq, 2018-yildan ushbu xalqaro tuzilmaga raislik Tojikiston Respublikasiga o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan Imomali Rahmonni tabrikladi va ushbu mas’uliyatli vazifani bajarishda muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zaro integratsiyalashgan transport tizimlarini rivojlantirish, Hamdo‘stlik mintaqasining ulkan tranzit salohiyatidan to‘la foydalanish, ma’muriy jarayonlarni takomillashtirish va o‘zaro imtiyozlar berish bo‘yicha fikr almashildi.
Turizm sohasidagi imkoniyatlar ham to‘la ishga solinmagani, bu imkoniyatlarni tahlil qilish va aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Ishtirokchilar Afg‘onistondagi vaziyatga ham e’tibor qaratishdi, jinoiy daromadlarni legallashtirish, korrupsiya, terrorizm, narkobiznes kabi xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilindi.
Majlisda Hamdo‘stlik mamlakatlarining Parlamentlararo assambleyasi faoliyatini takomillashtirish, Tashqi ishlar vazirlari kengashi va Iqtisodiy kengashini rivojlantirish, kelgusi yillarda MDHning madaniy poytaxtlarini belgilash kabi masalalar muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport, turizm, ilm-fan, ta’lim va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini ta’kidladi.
O‘zbekiston tuzilmadagi ishtirokini yanada faollashtiradi. Shu yil 3-noyabr kuni Toshkentda MDH Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishi o‘tkaziladi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi 1991-yil 8-dekabrdagi MDHni tuzish to‘g‘risidagi bitim hamda 1991-yil 21-dekabrdagi mazkur bitimga protokol asosida tashkil qilingan. Ushbu xalqaro tuzilmaga O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Turkmaniston, Tojikiston va Ukraina a’zo hisoblanadi. Ijroiya qo‘mita MDHning ijro etuvchi, ma’muriy va muvofiqlashtiruvchi idorasidir.