TOShKENT, 11 okt – Sputnik. Sochida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, uchrashuv Sochi shahrida bo‘lib o‘tadigan MDH sammiti boshlanishi oldidan bo‘lib o‘tdi.
Putin Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish borasida har ikki tomon faol ishlayotganligini qayd etdi.
"Bu sezilarli natijalarni berayotganligini qayd etmoqchiman. Agar o‘tgan yili o‘zaro tovar almashish hajmi ozgina pasaygan bo‘lsa, bu yil aksincha: yilning dastlabki sakkiz oyi davomida 20 foizdan ortiqroqqa o‘sdi. Demak, yil yakunida bu ko‘rsatkich yanada oshadi", dedi Putin.
Rossiya prezidenti O‘zbekistonga sanoat hamda qishloq xo‘jaligi vazirlarining tashriflari samarali bo‘lganligini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev ham o‘tgan qisqa davr ichida barcha sohalardagi munosabatlarda ijobiy o‘zgarishlar bo‘lganligini e’tirof etdi.
"Bu bizni judayam quvontiradi. Siz bilan erishilgan barcha kelishuvlarimiz ro‘yobga chiqmoqda", dedi O‘zbekiston prezidenti.
Mirziyoyev bugungi uchrashuv ham o‘zaro kelishuvlar amalga oshishiga xizmat qilishini bildirdi.
"Bugungi kunda biz e’tibor bermagan birorta ham yo‘nalish qolmaganligini yana bir bor aytmoqchiman. Bir yil ilgari hamkorlik qilayotganimiz haqida gapirardik, lekin tovar almashish faqat gaz sohasida edi. Hozir esa aksariyat sohalarda hamkorlik qilinmoqda, biznes, madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlik butkul o‘zgacha tus oldi", dedi O‘zbekiston rahbari.
Eslatib o‘tamiz, bugun Rossiyaning Sochi shahrida MDH davlatlari rahbarlari sammiti bo‘lib o‘tmoqda.