TOShKENT, 5 okt — Sputnik. "O‘zEKSPOMARKAZ"da "Ipak yo‘lida turizm" 23-Toshkent xalqaro yarmarkasi ochildi, deb xabar qildi Toshkent shahar hokimligi matbuot-xizmati.
O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va BMT Jahon sayyohlik tashkiloti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirning ochilish marosimida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning sayyohlik firma va kompaniyalari, mehmonxonalar mutaxassislari, diplomatik korpus va soha vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jahon iqtisodiyotida sayyohlik sohasidan keladigan daromad neft va kimyo sanoatidan keyin uchinchi o‘rinda turar ekan. Lekin turizm mahsulotlari tabiiy boyliklar kabi vaqt o‘tishi bilan kamaymaydi, aksincha, ommalashib boraveradi. Shu jihatdan turizm bitmas-tuganmas daromad manbai hisoblanadi.
Turizm industriyasini an’anaviy madaniy-tarixiy sayyohlik bilan birga, ekologik, ma’rifiy, etnografik, gastronomik, ishbilarmonlik turizmi, sport va davolanish-sog‘lomlashtirish kabi yangi salohiyatli turlar hisobiga rivojlantirishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Hududlarda yangi turlarni tashkil etish va ularni pasportlashtirish, turizm obyektlari bo‘yicha yagona milliy reyestrlarni shakllantirish, qo‘riqxonalar, ekomarkazlar, biosfera rezervatlarini o‘z ichiga olgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Navbatdagi Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi o‘zining ko‘lami va ishtirokchilari soni, milliy stendlarda namoyish etilayotgan ko‘rgazmalar miqyosi va mazmun jihatdan boyligi bilan ajralib turibdi. Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Xitoy, Tailand, Misr, Singapur, Malayziya, Ozarbayjon, Buyuk Britaniya singari 32 mamlakatdan 50 dan ziyod firma va kompaniya vakillari ishtirok etmoqda.
Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida yirik tarmoqli mehmonxona majmualari hamda xususiy otellar, sanatoriyalar, kurortlar, logistika va avtotransport kompaniyalari, temir yo‘llar va aviatashuvchilar, turoperatorlar, turagentlar, turbiznes va boshqa sayyohlik xizmatlarining dasturiy ta’minotchilari, muzeylar hamda dam olish sanoati korxonalarining xizmatlari namoyish etilmoqda.
Yarmarkada madaniy-tarixiy, biznes, sport va ekologik sayohatlar, xizmat ko‘rsatish va servis sohasi, sog‘lomlashtirish, gastronomik turizm kabi yo‘nalishlarga oid bo‘limlarda sayyohlik sanoatining barcha zamonaviy yo‘nalishlari qamrab olingan.
Ko‘rgazma milliy pavilonidan mamlakatimiz barcha hududlarining sayyohlik salohiyatini namoyish etuvchi taqdimot stendlari o‘rin olgan. Ularda har bir viloyatning o‘ziga xos milliy madaniyati, turizm imkoniyatlari namoyish etilmoqda.
Sharq taomlari o‘zining rang-barangligi, tayyorlash usuli va mazasi bilan mashhur. Yarmarka doirasida an’anaviy taom tayyorlash usullari namoyishi — "Ipak yo‘li ta’mi" nomli milliy taomlar festivali o‘tkazilmoqda. Bu tadbir mamlakatimiz bo‘ylab gastronomik sayyohlikni yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.
"Sharq bozori" ekspozitsiyasi tomoshabinlar bilan gavjum. Unda xalqimizning savdo-sotiq madaniyati, milliy ma’naviyat, ijodkorlik salohiyati, mehmondo‘stlik kabi ezgu qadriyatlari bor bo‘y-basti bilan namoyon.
"Hosted Buyers" (Professional xaridorlar) dasturi uchrashuvlarida xorijiy kompaniyalar rahbar va menejerlari mamlakatimizdagi sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish, Samarqand va Xiva shaharlariga sayohatlar uyushtirish, hamkorlik o‘rnatish va manfaatli shartnomalar tuzish imkoniga ega bo‘lishmoqda.
Xalqaro turizm yarmarkasi 5-oktabrgacha davom etadi.