TOShKENT, 19 apr — Sputnik. O‘zbekiston va Xitoy turizm sohasida hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo kelishuv tayyorlamoqda, deb ma’lum qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga hukumatdagi manba. Hujjat O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning may oyida Xitoyga amalga oshiradigan tashrifi chog‘ida imzolanishi rejalashtirilgan.
"Kelishuv turizm sohasida ikki mamlakat hamkorligini jiddiy ravishda kengaytirishni ko‘zda tutadi. Bu ko‘plab jabhalar, jumladan, mamlakatlar viloyatlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, viza shartlarini yumshatish va yashil yo‘laklar hisobiga turistik oqimlarni oshirish mexanizmini yaratish kabilarni qamrab oladi", — dedi suhbatdosh.
Bundan tashqari, uning aytishicha, hozirda O‘zbekistonda Xitoydan keladigan turistik guruhlar uchun alohida sharoitlar yaratish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Bularning barchasi XXRning "Bir kamar — bir yo‘l" tamoyili va Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishi bo‘ylab tarixiy-madaniy turizmni rivojlantirish loyihasi asosida amalga oshiriladi. Aniq takliflar orasidan O‘zbekistonga 15 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga kelgan xitoylik turistlar guruhlari uchun viza berishni ko‘rib chiqish muddatini kamaytirish va yengillashtirish taklifi o‘rin olgan.
Yana bir yo‘nalish Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liq hamkorlikdagi turistik tadbirlar va xalqaro turistik sayohatlar tashkil etish, ushbu yo‘l bo‘ylab joylashgan barcha mamlakatlar turistlari uchun viza berish jarayonini yengillashtirishdan iborat.
O‘zbekiston va jahondagi eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lishni istasangiz, Sputnik O‘zbekistonning Telegram-kanaliga obuna bo‘ling.