TOShKENT, 12 sen — Sputnik. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Rossiya turizm Federal agentligi tomonidan 2017-2018 yillarda hamkorlik qilish yo‘l haritasi tayyorlanmoqda. Bu haqda RIA Novosti qo‘mita matbuot-xizmatiga tayangan holda xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, bugun O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduxakimov va Rossiya turizm federal agentligi rahbari Oleg Safonov Xitoyning Chendu shahrida o‘tkazilayotgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasida hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qildilar.
"Muzokalar natijalariga ko‘ra, qo‘shma ishchi guruh tuziladi. Guruh 2017-2018 yillar uchun hamkorlik "yo‘l haritasi"ni tayyorlaydi", — deb ta’kidladi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakili.
Shuningdek, bu haqda joriy yil 3-6 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan "Buyuk ipak yo‘lida sayyohlik" xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida tegishli hujjatni imzolash rejalashtirilgan.
Yo‘l haritasiga rossiyalik sayohatchilar uchun maxsus sayyohlik to‘plamlar, shuningdek, O‘zbekiston milliy sayyohlik sohasidagi imkoniyatlarni targ‘ib qilish va ularni jalb qilish ishlarini jadallashtirish vazifalari kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 4-5 aprel kunlari Moskvaga amalga oshirilgan davlat tashrifi chog‘ida turizm sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish to‘g‘risida bitim imzolangan edi.
O‘zbekiston rasmiy statistik hisob-kitoblariga ko‘ra, 2015-yilda O‘zbekistonga 575,2 ming sayyohlar kelgan. Sayyohlar eng ko‘pi Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlariga tashrif buyurganlar.