TOShKENT, 25 avg — Sputnik. O‘zbekiston hukumati elektr va gaz tarmoqlarini avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga o‘tish bo‘yicha keng qamrovli dasturni amalga oshiradigan xorijiy kompaniyalar ro‘yxatini tasdiqladi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Yaqinda gaz va elektr energiyani hisobga olish va nazorat qilish avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etish bo‘yicha takliflarni tayyorlash bo‘yicha tuzilgan Ishchi komissiya a’zolari Singapur, Janubiy Koreya, Fransiya va Germaniya yirik korxonalarga tashrif buyurishdi.
O‘zbekiston mutaxassislari bu sohadagi avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etish tajribasi bilan yaqindan tanishdilar.
Natijada prezident farmoyishi bilan O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilish avtomatlashtirilgan tizimlarni tatbiq etish bo‘yicha 3 ta xorijiy kompaniya tasdiqlandi. Jumladan, respublikaga tashrif buyurish va muzokaralar o‘tkazish haqida takliflar Sagemcom (Fransiya), Landis & Gyr (Shvetsariya) va Elster Metronica (Germaniya) kompaniyalarga yuborildi.
O‘zbekiston hukumati zamonaviy hisoblagich va jihozlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni tuzishga tayyor.
Shuningdek, mamlakatda zamonaviy hisoblagich va jihozlarni ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalarni ochish masalasini muhokama qilish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, muzokaralarda hisoblagichlarga tizimli xizmat ko‘rsatish yuzasidan ikki tomonlama bitimlarni tuzish ko‘zda tutilgan.
Loyihalarni moliyalashtirish nafaqat davlat korxonalarining mablag‘larini sarflash, balki xalqaro moliyaviy institutlarining kreditlarini jalb etish ham rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda kelgusi bir necha yillar davomida Osiyo, Butunjahon va Islom taraqqiyot banklari tomonidan 6 mln hisoblagichlar o‘rnatish hamda iste’molchilar va yagona billing tizimlarini yaratish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 800 mln dollardan ortiq mablag‘ni tashkil etadi.
Gazni taqsimlash tarmog‘ida ham bunday tizimni yaratish ishlariga 800-900 mln dollar mablag‘ zarur bo‘ladi. Respublikada 3 mln donadan ortiq hisoblagichlar o‘rganish rejalashtirilgan.