TOShKENT, 15 avg — Sputnik, Behzod Mavlon. Bugun O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari natijalari e’lon qilindi. Odatda, bu ayrimlar uchun quvonchli boshqalar uchun qayg‘uli kun bo‘lardi. Bu safar Toshkent Yuridik universiteti, Diplomatiya universiteti va yana bir necha OTMlarda test javoblari taajjubli bo‘ldi desak adashmaymiz.
Toshkent Yuridik Universitetiga kirgan talabalarning dastlabki 50 tasidan 48 nafari harbiy imtiyoz uchun qo‘shimcha berilgan ball evaziga o‘qishga kirgan. O‘z kuchi bilan, har bir fandan 35-36 ta savolga to‘g‘ri javob bergan abituriyentlar esa, ro‘yxatning 45-48 o‘rinlariga, to‘lov-kontrakt guruhiga to‘g‘ri kelgan.
Diplomatiya universiteti Yevropa guruhida rus tilidan bor yo‘g‘i 11ta savolga to‘g‘ri javob berib 25tasiga noto‘g‘ri javob bergan talaba tepadan uchinchi qatorni egallab, budjetga kirgan. Savollarning 33-36 tasiga to‘g‘ri javob bergan talaba esa ro‘yxatning pastki qatorlaridan joy olgan.
O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi, shuncha odamni ovora qilib, test sinovi o‘tkazishdan maqsad nima edi o‘zi? Hamma o‘rin harbiy imtiyozi borlarga berilsa, qobiliyatli yoshlar hayotning birinchi zinapoyasidan o‘ta olmasa, kelajak nima bo‘ladi?
Har doim ham imtiyozlar bo‘lgan, lekin ular istisno tariqasida 5-10% talabalarga berilgan. Imtiyozlar – istisno emas qoidaga aylanib qolishi oliy ta’lim tizimini o‘zgartirib yuboradi.
Bundan buyon institutga kirish uchun abituriyentlar armiyaga boradigan bo‘ladi. O‘qish jarayonidan bir yil uzilish bo‘ladi va oqibatda ulardan na yaxshi askar na yaxshi talaba chiqadi.
Hammasi mayli ediku-ya, bir necha yil davomida o‘qib tayyorlangan, o‘z bilimi bilan 97 % savolga to‘g‘ri javob bergan abituriyentlarga nisbatan ushbu holat nohaqlik bo‘ldi.
Bizga oliy ma’lumotli qizlar kerak emasmi?
Bugun rivojlangan mamlakatlarda erkak va ayollar huquqlari teng ekanligiga hech kim shubha qilmasa kerak. O‘zbekiston ham zamonga mos ravishda rivojlanish yo‘lidan borib ayollarga kundan kunga ko‘proq imkoniyat ochib berilmoqda.
Harbiy xizmat imtiyozlari faqat o‘g‘il bolalarga beriladi. Demak faqat o‘g‘il bolalar o‘qishga kirishda bunday imtiyozlardan foydalanishlari mumkin. Qizlarchi? Ular qayerda “xizmat” qilsin? Bizga oliy ma’lumotli qizlar kerak emasmi? Ularning konstitutsion huquqlarining poymol bo‘layotgani-chi?
Oliy ta’lim tizimimi yoki pul ishlash tizimi?
Ochiq ma’lumotlarda aytilishiga ko‘ra, O‘zbekistonda yildan-yilga budjet asosida qabul qilinadigan talabalar soni kamayib to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinayotganlar soni ortib bormoqda. Bir tomondan bu yaxshi albatta – davlat budjeti tejab qolinadi, OTMlar ham o‘zini-o‘zi boqishi mumkin bo‘ladi. Lekin shunday tizim evaziga bir minglab qobiliyatli, lekin kontraktga to‘lash uchun puli yetmayotgan yoshlarni boy berib qo‘ymaymizmi?
Oliy ta’lim nimaga bepul bo‘lishi kerak
Bepul oliy ta’lim tizimi aslida nima uchun kerak?
Xudo insonning cho‘ntagiga qarab aql yoki talant bermaydi. Kambag‘al, o‘qishga puli yetmaydigan kishi ham o‘tkir aql va zo‘r qobiliyat bilan tug‘ilishi mumkin. Bepul ta’lim tizimining vazifasi esa esa, puli yoki imtiyoziga qaramasdan, har sohada qobiliyatli kishilarni tanlab olib, ularga jamiyatda o‘z o‘rnini topishga yordam berishdir. Qobiliyatli yoshlar o‘z o‘rnini topganidan so‘ng, uzlari yaratgan yangiliklari va ixtirolari bilan davlat va jamiyatni olg‘a yetaklaydi.
Yaqinda O‘zbekiston davlat budjetiga mablag‘lar qayerdan kelib qayerga ketayotgani haqida ma’lumotlar e’lon qilingan edi. U yerda aytilishiga ko‘ra Davlat budjetining eng katta qismi — maorif tizimi uchun sarflanar ekan. Xo‘sh, shunday ekan, nima sababdan O‘zbekiston oliy ta’lim maskanlarida har bir fakultetda bor yo‘g‘i 3-5-10 tadan budjet o‘rinlari mavjud?
Ushbu vaziyat amerikaning xususiy oliygohlaridagi o‘rin berishga o‘xshaydi. U yerda har bir fakultetda faqat 1yoki 2 nafar talabaga bepul o‘qish imkoni beriladi. Qolganlar pul to‘lab o‘qiydi, lekin ular xususiy tashkilot! Ularning asosiy maqsadi daromad olish. O‘zbekistonda esa OTMlar davlatga qarashli-ku?!
Rivojlanish siri nimada?
Javob: Har sohada qobiliyatli insonlarni topib, ularni joy-joyiga qo‘yib chiqishda!
Har bir inson tug‘ilganda Olloh Taollo unga ma’lum bir xususiyat, qobiliyat beradi. Rivojlangan mamlakatlarda inson o‘sib ulg‘ayganidan so‘ng o‘z qobiliyatlarini kerakli joyda samarali ishlatish uchun imkoniyat bor, boshqa joylarda esa buni amalga oshirish murakkab yoki mutlaq iloji yo‘q.
Aynan shu sababli barcha yangi ixtirolar, eng zamonaviy texnologiyalar, mahsulotlar AQSh, Yevropa yoki Osiyoning rivojlangan mamlakatlarida yaratilmoqda. Chunki u yerda qobiliyatli injenerlar, olimlar o‘z joylarida o‘z kasbi bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat va sharoit yaratilgan.
Ta’lim tizimining eng asosiy vazifasi – qobiliyatli yoshlarini tanlab olib, ularni o‘z sohalarining yetuk mutaxassislari qilib tayyorlash. Ushbu nuqtayi nazardan qaralganda, bugungi test sinovi natijalari talabga javob beradimi?