TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. Bugun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qo‘mitasiga qarashli jami 10 ta oliy harbiy ta’lim muassasasida test sinovlari o‘tkazildi. Bu haqda Davlat test markazi matbuot xizmati xabar qildi.
Test sinovlarida oliy harbiy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 7680 nafar abituriyent ishtirok etdi. Ushbu muhim tadbirda 838 nafar davlat test markazi vakillari va auditoriya nazoratchilari jalb etildi. Test sinovlari barcha oliy harbiy ta’lim muassasalarida amaldagi tartibda belgilangan vaqtda boshlandi va yakunlandi.
Test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan "O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risida Nizom" asosida amalga oshirildi.