TOSHKENT, 9 avgust — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Oliy taʼlim muassasalarida pedagogika yoʻnalishida maxsus sirtqi boʻlimlarni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalarida pedagogika yoʻnalishlari boʻyicha maxsus sirtqi boʻlimlar tashkil etiladi.
Oliy taʼlim muassasalari tarkibida tashkil etilgan maxsus sirtqi boʻlimlarning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga qabul oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga hamda kamida uch yil pedagogik amaliy ish stajiga ega boʻlgan, maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari ehtiyojlari asosida tasarrufida ushbu taʼlim muassasalari mavjud boʻlgan vazirliklar va idoralar tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega pedagog kadrlar hisobidan amalga oshiriladi.
Maxsus sirtqi boʻlimda oʻqish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Maxsus sirtqi boʻlimda oʻqiyotgan talabalarga imtihonlar, sinovlar topshirish, diplom, kurs, laboratoriya va boshqa oʻquv ishlarini bajarish vaqtida ularning oylik maoshlari asosiy ish joyida saqlangan holda bir oʻquv yilida ikki marta bir oydan oʻquv taʼtillari beriladi. Bunda, oʻquv taʼtillari qoida tariqasida umumtaʼlim muassasalaridagi qishki va yozgi taʼtil vaqtiga toʻgʻri kelgan davrda beriladi va ularga belgilangan tartibdagi yillik mehnat taʼtillarini berish tartibi ham saqlanib qoladi.
Talabalarning oliy taʼlim muassasasida oʻqishda boʻlgan davriga toʻgʻri keladigan dars soatlari oʻqishga yuborgan taʼlim muassasasining oʻqituvchilari (xodimlari) tomonidan mehnatga soatbay haq toʻlash shartlari asosida oʻtiladi.
Maxsus sirtqi boʻlim talabalari oʻqishga kirishda tavsiyanoma beruvchi vazirlik yoki idora, oliy taʼlim muassasasi va talaba oʻrtasida oʻqishni yakunlagandan keyin tavsiyanoma bergan tashkilot yoʻllanmasida koʻrsatilgan ish joyida (taʼlim muassasasida) besh yildan kam boʻlmagan muddatda ishlab berish majburiyati bilan uch tomonlama shartnoma tuziladi.
Pedagogika yoʻnalishlari boʻyicha maxsus sirtqi boʻlimlar tashkil etiladigan oliy taʼlim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumot berish sirtqi taʼlim shaklida tashkil etiladi. Bunda ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumot olish bakalavriat taʼlim yoʻnalishining 2-kursidan (oʻquv rejalardagi fanlar farqidan qatʼi nazar) kamida 3 yil muddat etib belgilandi.
2017/2018 oʻquv yili uchun maxsus sirtqi va sirtqi taʼlimlarda oʻquv jarayoni istisno tariqasida joriy yilning 1 oktyabridan boshlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2017 yil 30 sentyabrgacha 2017/2018 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalarining maxsus sirtqi boʻlimiga 1-kursga talabalarni qabul qilish yuqori saviyada va adolatli oʻtkazilishini taʼminlaydi.
Pedagogika yoʻnalishlari boʻyicha maxsus sirtqi boʻlimlar tashkil etiladigan oliy taʼlim muassasalari roʻyxati:
1. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
2. Andijon davlat universiteti.
3. Buxoro davlat universiteti.
4. Guliston davlat universiteti.
5. Qarshi davlat universiteti.
6. Namangan davlat universiteti.
7. Samarqand davlat universiteti.
8. Termiz davlat universiteti.
9. Urganch davlat universiteti.
10. Fargʻona davlat universiteti.
11. Jizzax davlat pedagogika instituti.
12. Navoiy davlat pedagogika instituti.
13. Nukus davlat pedagogika instituti.
14. Qoʻqon davlat pedagogika instituti.
15. Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti.