TOSHKENT, 6 avg — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-avgust kuni mamlakat ijodkor ziyolilari bilan uchrashuv oʻtkazganini xabar qilgan edik.
Oʻzbekiston rahbari uchrashuvda barcha soha va tarmoqlar qatori madaniyat va sanʼat, adabiyot, ommaviy axborot vositalari ravnaqini yangi bosqichga koʻtarish Harakatlar strategiyasida ham belgilab olinganini taʼkidlab oʻtgan.
Mirziyoyev tomonidan ushbu uchrashuvda aytilgan yorqin jumlalarni eʼtiboringizga havola qilamiz.
Kino sohasidagi plagiatchilarga prezident savoli
Prezident oʻz nutqi davomida keyingi paytda "plagiat" masalasida juda koʻp maqolalar chop etilayotgani va bunday vaziyat ayni vaqtda oʻzbek kinoijodkorlari orasida keng tarqalayotgani aytib oʻtdi.
"Oʻzingiz ayting, ijodkorning shaʼni, gʻururi, sanʼatga sadoqat degan tushunchalari qayoqda qoldi?"
Badiiy ijod sohasidagi jaholat haqida…
Prezident badiiy ijod sohasida jaholat kuchayib borayotganiga alohida eʼtibor qaratdi.
Shavkat mirziyoyev ayni vaqtda madaniyat sohasi oldida jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, Oʻzbekiston yoshlarini haqiqiy sanʼatni anglashga oʻrgatish, ularni estetik olamining sogʻlom asosda shakllantirish kabi muhim vazifalar turganini aytdi.
Oliy maʼlumotsiz "madaniyatchilar" haqida
"Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki hozirgi kunda sanʼat va madaniyat sohasida xizmat koʻrsatayotgan kadrlarning 50%dan ziyodi oliy maʼlumotga ega emas".
"Kottakonlar" yordamida "Xalq artisti" boʻlganlar haqida…
"Koʻpchiligimiz yaxshi bilamiz, ilgari "xalq artisti" degan unvon olish uchun sanʼatkor oʻn yillar samarali ijod qilishi talab etilardi. Masalan mashhur hofiz — Tavakkal Qodirov Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist unvonini olgandan keyin, eʼtibor bering — oradan 25 yil oʻtib Oʻzbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan ekan.
25 yil xizmat qilgan! Mana bu nima degani!
A bizda "lik-lik" — xalq artisti. "Lik-lik" — xizmat koʻrsatgan artist. Toʻrtta "lik", ikkita "shik" — bitta xalq artisti. Bu nima degan gap? Boʻlmaydi undaqa oʻyinlar.
Tavakkal Qodirov, haligacha eshitamiz (qoʻshiqlarini demoqchi, tahr.), 25 yil oʻtib "Xalq artisti" olgan ekan, biznikilar 2 yil oʻtmaydi, 3 yil oʻtmaydi — xalq artisti.
Uni qishloqda taniydimi?
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artisti, mayli piyoda yurib toʻrttadan ashula aytib kelsin. (Unvonni) Shundan keyin beraylik. Qishloqqa borsin, xalq tanisin! Odamlar baho bersin. Ikkita-uchta "kottakon" emas!"
Prezident shuningdek, unvon berilayotganda eng avvalo sanʼatkorning sanʼatga sadoqati mezon sifatida belgilanishi shart, deb taʼkidladi.
Sanʼatkorlarning yurish-turishi haqida
"Sanʼatkorlar yurish-turishi, madaniyati, kiyinishi bilan yoshlarimizga eng avvalo oʻrnak boʻlishi kerak", — dedi oʻz nutqi davomida Mirziyoyev hamda oʻzbek qizlariga ibo va xayoda haqiqiy oʻrnak koʻrsata olgan — Sanobar Rahmonovani esga oldi.
"Qanday kiyingan, men yoshlikdan eslayman: sochini mayda oʻrib, doʻppilar kiyib, oʻzbekona kiyingan. Kim kiydirgan? Andijonda kiydirgan-ku shuni. Qani hozir shunday urf-odatimiz?"
Prezident sanʼatkorlar kiyinish madaniyati oʻzbekona, milliy urf-odatlarga xos boʻlishi kerak, degan fikrni bildirib oʻtdi. "Goʻyoki biz Gʻarbdan oʻrganayapmiz — Gʻarb bizdan oʻrgansin kerak boʻlsa!, — deb qoʻshimcha qildi Mirziyoyev.
Sanʼat va biznes haqida…
Oʻzbekistonda adabiyot va sanʼat, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, maʼnaviyat va maʼrifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga hech qachon yoʻl qoʻymaymiz".
Prezident pul uchun sanʼatga kirib kelayotganlarga yaxshisi tadbirkorlik bilan shugʻullanishni maslahat berdi hamda bundaylar ijodiy ishlarga aralashib, oʻzini ham, sanʼat degan muqaddas tushunchani ham beobroʻ qilmasligi kerak va shart deya aytib oʻtdi.
Oʻzbekiston qachon yaxshi boʻladi?
"E, Oʻzbekiston qachon yaxshi boʻlarkin" deb oʻtiraversak, hammamiz birlashmasak — Oʻzbekiston yaxshi boʻlmaydi. Koʻpmillatli vatanimizni ertangi kuni uchun kurashish kerak!"