TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. "Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, amaldagi qonunlarimizda bir-biriga zid o‘rinlar ham yo‘q emas. Lekin bugun qaysi bir partiyaning tashabbusi bilan ularning shunchasi o‘zgardi, deb ayta olamiz?", — dedi siyosiy partiyalar bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
Milliy tiklanish" partiyasini oladigan bo‘lsak, u milliy merosimiz va qadriyatlarimizni tiklash, ularni yanada boyitish bilan birga, turizm sohasini rivojlantirishni ham o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ygan. Ammo partiya amalda bu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, mavjud qonunlarning ijrosini nazorat qilish yuzasidan yetarlicha faollik ko‘rsata olmayapti.
Holbuki, turizm sohasini rivojlantirish yo‘lida qancha muammolar, shu bilan birga, hali ishga solinmagan katta imkoniyatlar borligi, bu tarmoq yangi-yangi ish o‘rinlari yaratishda qanday muhim manba ekanini ortiqcha izohlab o‘tirishning hojati yo‘q.
Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi turizm sohasida ham eng katta muammo — zamonaviy fikrlaydigan, o‘z ishini, xorijiy tillarni puxta biladigan malakali kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liq.
Ana shu dolzarb muammoni hal qilish maqsadida partiya vakillari qaysi oliy o‘quv yurtiga, qaysi kollejga borib, turizm bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash jarayonlari bilan, o‘quv dasturlari bilan qiziqapti? Buning uchun katta mablag‘ kerak emas-ku!
Biz keyingi vaqtda turizm sohasini rivojlantirish uchun bir qator muhim qarorlar qabul qildik. Jumladan, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etildi, ushbu soha taraqqiyotini jadallashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyat va imtiyozlar yaratib berildi. Lekin ular negadir hozirga qadar "Milliy tiklanish" partiyasi uchun muhokama obyektiga aylanmadi.
Yana bir muhim masala — yurtimizdagi tarixiy obidalarni tiklash va ta’mirlash, buyuk ajdodlarimizning qadamjolarini obod etish bo‘yicha oldimizda qancha-qancha vazifalar turibdi.
Bu partiya necha yillardan buyon tarixiy va madaniy meros masalalari bilan shug‘ullanadi. Lekin haqiqiy tariximizni tiklash bo‘yicha maktablar va oliy o‘quv yurtlarida olib borilayotgan ishlar, o‘quv dasturlarining saviyasini partiya faollari hech o‘rganganmi?
Sizlarga ma’lum, biz yaqinda O‘zbekistonning yangi tarixini yaratish bo‘yicha qaror qabul qildik. Bu qarorni tayyorlash jarayonida ushbu partiyaning roli, taklifi mutlaqo sezilmagani, uning vakillari ishtirok etmagani, albatta, odamni hayron qoldiradi.
Vaholanki, yuqorida tilga olingan masalalar bo‘yicha tashabbus aynan "Milliy tiklanish" partiyasidan chiqishi kerak emasmidi? Nima uchun bunday takliflar faqat Prezident tomonidan bildirilishi kerak?", — deb aytgan prezident yig‘ilish davomida.