TOShKENT, 4 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-avgust kuni o‘tkazgan yig‘ilishda bugungi kunda madaniyat sohalarida mavjud muammo va kamchiliklarning tub ildizlari malakali kadrlar yetishmasligi bilan bog‘liqligini aytib o‘tdi.
Yaqinda Qo‘qon shahar musiqali drama teatriga borganimizda ham xuddi shunday ahvolga duch keldik. U yerda ishlayotgan jami 53 nafar ijodiy xodimning atigi 11 nafari oliy ma’lumotga ega, xolos. Qolgan 42 nafarini o‘rta maxsus va o‘rta ma’lumotga ega xodimlar tashkil etadi. Albatta, bu muassasalarda ishlayotgan yosh yigit va qizlar astoydil intilib harakat qilayotgan bo‘lsa-da, baribir ularning faoliyatida zarur bilim va malaka yetishmayotgani sezilib turibdi.
Shuning uchun ham avvalo madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari, litsey va kollejlar, musiqa va san’at maktablarining faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur.
Mana, yurtimizda qancha bolalar musiqa va san’at maktablari bor, ayni vaqtda milliy adabiyotimiz va san’atimizning atoqli namoyandalari nomida yangi ijodiy markazlar tashkil qilyapmiz. Xo‘sh, ularda kimlar mehnat qilyapti? Yoshlarimizga ijod sirlarini kimlar qay darajada o‘rgatapti? Taniqli san’atkorlarimiz, yozuvchi va shoirlarimizning bu maktablar bilan aloqasi qanday?
Xabaringiz bor, yaqinda yurtimizda atoqli san’atkor Komiljon Otaniyozovning 100-yillik yubileyi katta tantana bilan nishonlandi. Ushbu tadbirlarda bu yerda o‘tirgan ko‘pchilik ijodkorlarimiz ishtirok etdi. Qo‘shni respublikalardan — Qozog‘istondan, Tojikistondan mehmonlar keldi. Mashhur hofiz Jo‘rabek Murodovning samimiy so‘zlarini hammamiz hayajon bilan eshitdik.
Qarang, Komiljon Otaniyozovning nafaqat O‘zbekistonda, balki butun O‘rta Osiyo bo‘yicha qancha-qancha shogirdlari bor ekan. Shu gaplarni eshitganda, shaxsan men, buyuk hofizimizning qo‘shig‘idan ham shogirdi ko‘p ekan, deb o‘ylab qoldim.
Mana, davramizda G‘ulomjon Yoqubov, Farrux Zokirov, Ortiq Otajonov, Yulduz Usmonova, Mahmud Namozov, Zulayho Boyxonova, Ozodbek Nazarbekov, G‘afur va G‘ulom Eshjonovlar, Gulsanam Mamazoitova kabi Xalq artistlari o‘tiribdi. Sizlarning har biringiz bittadan san’at kolleji yoki musiqa maktabiga borib rahbarlik qilsangiz, men o‘ylaymanki, bundan san’atimiz faqat yutgan bo‘lar edi. Ayni vaqtda yuzlab shogirdlar yetishtirib, o‘zingizga haykal qo‘ygan bo‘lardingiz.
Masalan, O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqovni yosh diktorlar maktabiga rahbar qilib qo‘ysak, iqtidorli yoshlarimiz u kishidan juda ko‘p bilim va tajribalarni o‘rgangan bo‘lar edi.
Mashhur sozandamiz Abduhoshim Ismoilovning maqom ansambliga rahbarlik qilishi albatta yaxshi. Lekin u kishining ijodiy salohiyatidan yoshlar ham bahramand bo‘lsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Men maqom yo‘nalishida yangi kollej yoki musiqa maktabi ochishni, unga Abduhoshim Ismoilovni rahbar qilib tayinlashni taklif qilaman.
Sizlarga ma’lum, hozirgi vaqtda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Nukus shahridagi filiali muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatapti. Shu ijobiy tajribani davom ettirgan holda, Qo‘qon shahrida ham mazkur institutning filialini tashkil etapmiz. Bu o‘quv yurti Farg‘ona vodiysi viloyatlari uchun yuqori malakali madaniyat xodimlarini tayyorlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Qo‘qon shahrida san’at ahli uchun yangi ko‘p qavatli turar joy binosi ham qurib foydalanishga topshiriladi", — degan o‘z nutqi davomida prezident.
Yuqorida zikr etilgan barcha masalalarni kompleks hal etish bo‘yicha Bosh vazir A.Aripov, Davlat maslahatchilari X.Sultonov, A.Yunusxo‘jayev, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Majidov, xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov, madaniyat vaziri M.Muratov, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B.Zokirov bir oy muddatda tegishli takliflar kiritishlari zarur.