Yosh san’atkorlarga saboq: Komiljon Otaniyozov haqida kitob chop etildi

© records.suPoyot Komiljon Otaniyozov
Poyot Komiljon Otaniyozov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbek san’atida beqiyos o‘ringa ega hofiz - Komiljon Otaniyozov haqida - "Ustozdan qolgan dunyo" nomli kitob chop etildi. "Ustoz san’atkor hikmatlari" bilan tanishgan, san’at olamiga kirib kelayotgan yoshlar asl san’at fidoyisi qanday bo‘lmog‘i lozimligini anglab yetadilar, deyilgan Madaniyat vazirligi xabarida

TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. Buyuk hofiz Komiljon Otaniyozovning qudratli ovozi, ulug‘ shaxsiyati el ichida afsonalarga aylangan. Zahmatkash jurnalist Abdulla Safoyevning yaqinda poytaxtdagi "Turon zamin ziyo" nashriyotida chop etilgan "Ustozdan qolgan dunyo" kitobi Komiljon Otaniyozov hayoti va ijodining yangi qirralarini ko‘rsatuvchi manbadir, deb xabar qildi O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot-xizmati.

Poyot Komiljon Otaniyozov - Sputnik O‘zbekiston
Komiljon Otaniyozovga haykal o‘rnatiladi
"Ulug‘lar haqida so‘z aytmoq, kitob yozmoq ancha mushkul ish. Bu zahmatli mehnat jarayoni ijodkorlardan katta bilim va tajriba talab qiladi. Tinib-tinchimas, sermahsul ijodkor Abdulla Safoyev ana shunday qalamkashlardan. Uning yangi kitobi mashhur san’atkor hayoti va ijod yo‘lini daliliy ma’lumotlar asosida go‘zal badiiy lavhalarda aks ettirgani bilan e’tiborlidir. Komiljon Otaniyozovning "Rahmatnoma" nomli she’rida shunday misralar bor:

Mendan oldin kim kelsa go‘zal san’at ichiga,

Barchasini pesh tutdim, bo‘ldi xodiroh menga.

Darhaqiqat, bu misralar ulug‘ hofiz san’atining kamtarona, xolis va go‘zal tasvirlaridir. Muallif Komiljon Otaniyozovning boshqa bir qancha durdona qo‘shiqlarining yaratilishini ham o‘ziga xos yo‘sinda yoritishga harakat qilgan. Komiljon Otaniyozovning ulug‘ sanoatkor bo‘lishida oilaviy muhitning o‘rni katta. Otasi shoir, tarjimon, mudarris, "Qur’oni Karim"ni yod olgan Otaniyoz Niyoziyning ajib xislatlari hofiz iste’dodi va shaxsiyatining shakllanishiga asos bo‘lganligi shubhasiz. Bu haqda kitobning "Ota izidan borib…" qismida batafsil hikoya qilingan. Ayniqsa, Komiljon Otaniyozovning badihago‘y shoirligi, Respublikamizning qaysi hududiga borsa, shu go‘shani ulug‘lovchi she’riy tuhfa tayyorlaganligiga urg‘u berilgan", — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, muallif ushbu kitobida buyuk san’atkorning sermazmun hayoti, jo‘shqin ijodiy faoliyati, sahna ortidagi quvonch va tashvishlari, iztiroblari haqida yangi ma’lumotlar beradi.

Amfiteatr - Sputnik O‘zbekiston
Insofga kelmagan estrada xonandalari san’atkorlar safidan chiqariladi
Shuningdek, hofizning el ardoqlagan shogirdlari Bobomurod Hamdamov, Ortiq Otajonov, Olmaxon Hayitovalarning xotiralari bilan o‘rtoqlashgani hamda kitobga san’atkor ijro etgan mashhur qo‘shiqlar matnlari berilgani qo‘shimcha qilingan.

"Ustoz san’atkor hikmatlari" bilan tanishgan, san’at olamiga kirib kelayotgan yoshlar so‘z tanlay bilish, badiiyat mezonlari, insoniylik va mehr-oqibat, ma’naviyat, san’atkor odobi haqida tegishli saboq oladilar. Asl san’at fidoyisi qanday bo‘lmog‘i lozimligini anglab yetadilar" ", — deb ta’kidlangan xabarda.

Qayd etilishicha, kitobdan shuningdek, Komiljon Otaniyozovning zamondoshlari, uni yaxshi bilgan, boy ijodiy merosidan bahramand bo‘lgan Hojixon Boltayev, Madrahim Yoqubov, Tamaraxonim, Vahobjon Fayozov, San’at Devonov, Orif Alimaxsumov, Egam Rahim, Erkin Samandar, Safarboy Ro‘zimboyev kabi ulug‘, taniqli insonlarning buyuk hofiz haqidagi fikrlari, mulohazalari o‘rin olgan.

Yangiliklar lentasi
0