TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Hozirda Xitoyning "Shanxay SIPG" jamoasida to‘p surayotgan O‘zbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedov "championat.asia" saytiga bergan intervyusida bugungi kunda olib borayotgan ishlari va faoliyatida duch kelayotgan to‘siqlar haqida ma’lum qildi.
Odil Ahmedov yoshlarga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.
"Mana "Neymar"ni olaylik (Ahmad Mamadaliyev, 1997-yilda tavallud topgan) nonvoy bola, kechalari non yopib chiqadi keyin mashg‘ulotga keladi. Oilaviy holati bunday bo‘lib tursa, bola qanday o‘sadi? Yovanovich nega yo‘qolib qoldi? Yoki "Navbahor" unga mashg‘ulot maydonimi? Yil boshida o‘ynay olmay, oxirida gol uradigan. Urgan gollari ham g‘alaba keltirmagan. Bunday duranglarni mahalliy futbolchilar bilan ham qo‘lga kiritsa bo‘ladi. Bitta yosh o‘yinchini qo‘yib, 10ta o‘yinga imkoniyat bering, u ham 11-turdan urishni boshlaydi. Gapirsa gap ko‘p!
Azizbek Turg‘unboyev-chi? O‘tgan yili Rossiyaga ketishga tayyor turgandi bu bola. Oilaviy sharoitidan kelib chiqib. 2016-yil unga e’tibor bo‘lmadi, bu yil ham ketkazishayotgandi. Chunki familiyasi yo‘q-da. Nimadir bo‘ldi-yu, bitta o‘yindan keyin qoldi. Mana hozir asosiy tarkib futbolchisi. Namanganlik iste’dodlar Rossiyaga ishlagani emas, o‘ynagani ketishi kerak! Mana shu falsafani ilgari surishimiz kerak", dedi Ahmedov.
Uning aytishicha, bu boradagi ishlariga to‘siqlar bo‘lmoqda.
"Muammo shundaki, shuncha qilingan ishlarga to‘siqlar bo‘layapti. Agar Namangandagi kollej va litseyni qayta oyoqqa turgizmasak, o‘rinbosarlar safiga bola qayerdan keladi? O‘rinbosarlarda futbolchi bo‘lmasa, asosiy tarkibga kim keladi? Yaqin kunlarda Namanganda ikkita katta sun’iy maydon qurilishi boshlanadi. Uni ko‘chadan kelgan kishilarga pul ishlash uchun qilmayapman. Shu yoshlar uchun joy bo‘lsin deyman. Shuni ham gapirib yurganlar va ish boshlashimizga qarshilik qilayotganlar bo‘lyapti.
Saytning ma’lum qilishicha, shu yilning sentabr oyidan bolalar o‘rtasida Vodiy Chempionlar ligasi loyihasi start olishi kutilyapti. Loyiha O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston futbol federatsiyasi, "Championat.asia", "Best Sport Media", Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlari futbol federatsiyalari bilan hamkorlikda tashkil qilinadi.
Bu yilgi Vodiy Chempionlar ligasida 10ta jamoa 18ta turdan iborat ikki davrali musobaqada qatnashadi. Davralar oralig‘ida "Vodiy Kubogi" bo‘lib o‘tadi. VChL yakunida esa, VChL g‘olibi va Kubok sohibi o‘rtasida Superkubok bo‘ladi.
VChLga Odil Ahmedov homiylik qiladi. Musobaqada Rauf Inileyev seleksioner murabbiy sifatida faoliyat olib boradi.
Musobaqada o‘zini ko‘rsatgan yosh iste’dod egasi Yevropa talablariga javob bersa, uni Yevropa klublariga joylash ishlari olib boriladi. Bu borada Ispaniya va Italiyadagi hamkorlarning xizmatidan foydalaniladi.