TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. Namangan futbol internati va Odil Ahmedov hamkorligida futbol akademiyasi ushbu o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlaydi.
Bu yil akademiyaga 2004-yilda tavallud topgan tarbiyalanuvchilar qabul qilinadi. Imtihonlar iyul oyining boshida bo‘lib o‘tadi. Bo‘lajak o‘quvchilar sport kollejining futbol bo‘limiga imtihon topshiradilar.
Tanlov ikki qismdan iborat bo‘ladi. Iyul oyining boshida Namangan shahrida 2004 va 2005-yillarda tavallud topgan jamoalar o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil qilinadi. Unda vodiydagi 20ga yaqin klub va BO‘SMlar ishtirok etishlar mumkin bo‘ladi. O‘yinlar davomida poytaxt va vodiylik mutaxassislar tomonidan tuzilgan komissiya, o‘zlariga ma’qul kelgan futbolchilarni tanlab olib ikkinchi bosqichga taklif etishadi.
Ikkinchi bosqichda yakuniy imtihonlar bo‘lib o‘tadi. Undan muvaffaqiyatli o‘tgan futbolchilar yotoqxona bilan ta’minlangan holda, Yevropa metodikasi asosida professional futbol sir-asrorlarini o‘rganadilar.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik mashhur legoner-futbolchi Odil Axmedov intervyularda bir necha bor Namanganda futbol akademiyasi tashkil qilish orzusi borligini aytib o‘tgan edi.
UZ24.uz xabariga asosan.