TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. O‘zbekistonlik Aleksandr Svechnikov yengil atletikaning nayza uloqtirish yo‘nalishida jahon rekordini o‘rnatdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Londonda bo‘lib o‘tayotgan para atletika bo‘yicha jahon chempionati saytida ma’lum qilindi. Svechnikov 71,01 metrlik natijani qayd etdi.
Shu yil may oyida Bokuda bo‘lib o‘tgan IV “Islom birdamlik o‘yinlari”da Svechnikov nayzani 70 metrga uloqtirib, jahon rekordini o‘rnatgan edi. U bu safar o‘z rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
Bu bilan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi hisobidagi oltin medallar soni uchtaga yetdi.#ICYMI Uzbekistan's Aleksandr Svechnikov's put in a stunning performance tonight at #London2017 pic.twitter.com/WDMwR046en
— World Para Athletics (@ParaAthletics) 19 iyulya 2017 g.
Ayollar o‘rtasida kechgan bahslarda esa Nozima Qayumova 41,25 metr natijasi bilan kumush medali sohibasiga aylandi.
Avvalroq Husniddin Norbekov disk uloqtirishda birinchi o‘rinni egallab, ikkinchi marotaba jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritgan edi. Doniyor Soliyev esa uzunlikka sakrash musobaqasida 7,18 metrga sakrab oltin medalga erishdi va ilgari xitoylik Chen Mingyu tomonidan o‘rnatilgan Osiyo rekordini yangiladi.