TOShKENT, 17-iyul — Sputnik. 2017-yil 14-15 iyul kunlari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi yosh faollarining amaliy seminari hamda Federatsiya rahbariyati bilan uchrashuvi o‘tkazildi, deb xabar qildi kasaba uyushmalari Federatsiyasi matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, seksiya yig‘ilishlarida kasaba uyushma tashkilotlarida yoshlar bilan ochiq muloqot tizimini joriy etish, kasaba uyushma mutasaddilari ishtirokida tegishli soha va hududlar bo‘yicha har oyda kamida bir marotaba «Yoshlar bilan ochiq muloqot kuni»ni o‘tkazish tizimini yo‘lga qo‘yish borasida fikr va mulohazalar almashinildi.
Yoshlarni ijtimoiy, ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, huquq hamda majburiyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga qulay sharoit yaratish maqsadida Yoshlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi "Kasaba ish" markazini tashkil etish taklifi o‘rtaga tashlandi.
Shuningdek, mehnat sohasida ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan hamda kasaba uyushmalari faoliyatida ishtirok etayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida "Kasaba uyushmalari stipendiati" unvonini joriy etish, yoshlar, ayniqsa, ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun yaratilayotgan ish o‘rinlarining haqqoniyligini o‘rganish, bitiruvchilarning o‘z ish joylarida qo‘nimliligini monitoring qilish ishlarini kuchaytirish hamda zarur hollarda ish beruvchilar va hokimiyatlarga taqdimnomalar kiritish amaliyotini joriy etish masalalari muhokama etildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan o‘quvchi-talabalar hamda korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan yoshlarda mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetni kuchaytirish maqsadida mehnat jamoalarida o‘tkazilayotgan "Ma’naviyat soat"lariga diniy ekstremizm, terrorizmga qarshi kurashish borasidagi tizimli ishlarga oid mavzularni kiritish orqali turli sohalarda mehnat qilayotgan yoshlarning yot oqimlar ta’siriga tushib qolmasliklariga ko‘maklashish kasaba uyushmalarining bosh maqsadlaridan biri ekanligi ta’kidlandi.
Amaliy seminarning ikkinchi kunida kasaba uyushmalari Federatsiyasi yosh faollarining Federatsiya rahbariyati bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Majlisni kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov olib bordi.
Anjumanda kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Yoshlar ittifoqi o‘rtasida Anglashuv Memorandumi imzolandi. Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Yoshlar birlashmasi tashkil etildi hamda uning raisi saylandi.