TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanida amalga oshirilayotgan metro qurilishi bilan tanishdi, deb xabar qildi Hukumat portali.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Sergeli tumanida metro yo‘lini qurish o‘ta murakkab jaron. Shu bois mazkur yo‘nalishdagi metro yer usti bo‘ylab, estakadalar orqali tashkil etiladi. Chilonzor yo‘nalishining Olmazor bekatidan boshlanadigan Sergeli yo‘nalishida oltita bekat bunyod etiladi.
Mirziyoyev yangi qurilayotgan yer usti metrosi yonidan o‘tadigan ko‘cha atrofida ikki va uch qator daraxt va gullar ekilishi lozimligini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyevga Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida olib borilayotgan qurilish ishlari haqida ham ma’lumot berildi. Bugun 2017-2019 yillarga qurib bitkazilishi ko‘zda tutilgan mazkur yo‘nalishning Turkiston bekatida poydevor quyish ishlari olib borilmoqda.
Yangi qurilayotgan metro bekatlarining dizayni, devorlariga ishlatiladigan qurilish materiallari, tasvirlardan namunalar namoyish etildi.
Prezident bekatlar shinam va yorug‘ bo‘lishi lozimligini alohida ta’kidladi. Buning uchun yosh dizaynerlar o‘rtasida tanlov o‘tkazish kerak, dedi.